Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar zamirida, avvalo, iqtisodiyotni rivojlantirish va bu orqali bo‘sh ish o‘rinlari tashkil etish maqsadi yotadi. Shu bois bugungi kunda O‘zbekistonning turli chekkalarida qurilayotgan qo‘shma korxonalar, rivojlantirilayotgan kichik va o‘rta biznes yo‘nalishlari ana shu islohotlar samarasidan, deb aytish mumkin.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida tashkil etilayotgan “Shahrisabz” logistika markazi ushbu maqsadlarga xizmat qiladi. Ilgarigi pillachilik fabrikasi o‘rnida ish boshlaydigan logistika markazi meva-sabzavotlarni yetishtirish, tayyorlash, qabul qilish, saralash, qayta ishlash, jahon talablariga mos laboratoriyalarda tekshirish, qadoqlash hamda ho‘l, muzlatilgan va quritilgan holda eksport qilish bilan shug‘ullanadi. 
Sh. Mirziyoyev 2017 yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgan edi. Mazkur tashrif davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan majlisda ko‘tarilgan masalalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda mazkur Markaz qurilmoqda. 
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabrga qadar yillik quvvati 5350 tonna sig‘imli sovutadigan va muzlatadigan omborxona, 1000 tonna meva-sabzavotlarni quritish, 2000 tonna dukkakli (mosh, loviya, no‘xat, yeryong‘oq) mahsulotlarini saralash liniyasi hamda brokerlik idorasi, logistika bo‘limi va eksport maktabi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, 2018 yil 1 yanvarga qadar 88 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimi bilan jihozlagan intensiv bog‘, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan issiqxona, yiliga 6000 tonna mahsulotlarni tez muzlatuvchi liniyani, 2000 tonna mayiz, quritilgan olxo‘ri va o‘rikni qayta ishlash liniyasini hamda zamonaviy laboratoriyani tashkil etish rejalashtirilgan.
“Ayni kunda mazkur markazni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish, xorijiy hamkorlar izlash va markazda faoliyat yuritishi mo‘ljallangan mutaxassislarni jalb etish ishlari yuqori sura’tlarda olib borilmoqda. Uch smenda olib borilayotgan ishlar ko‘lami keng. Mana shu markazni qurilish ishlari orqali ham juda ko‘plab ishchi o‘rinlari yaratildi. Bu borada hokimiyat bilan olib borayotgan hamkorligimiz ham o‘z samarasini bermoqda”.
Markaz to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 25 ming tonnadan ziyod mahsulot Yevropa, MDH mamlakatlari, Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa davlatlarga eksport qilinadi. Ming kishi ish bilan ta’minlanadi. Viloyatdagi fermer, dehqon, shaxsiy tomorqa xo‘jaliklariga yetishtirgan mahsulotini sotish hisobiga yiliga o‘rtacha 80 milliard so‘m atrofida daromad olish imkoniyati yaratiladi.