“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan navbatdagi Sayyor qabul joriy yilning 8 iyul kuni Jizzax viloyatining Jizzax shahrida tashkil etildi.
Unda “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining matbuot kotibi A. Rasulov, Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i M.Bekmirzayev va Jizzax SSM direktori T. Abdunazarovlar ishtirok etdi.
Yig‘ilishga viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan jismoniy va yuridik shaxslar taklif etildi. Shuningdek sayyor qabul tadbirida Jizzax Politexnika institutining bir guruh o‘quvchilari va o‘qituvchilari ham ishtirok etdilar.
Sayyor qabul avvalida agentlikning matbuot xizmati rahbari A. Rasulov so‘zga chiqib, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan so‘nggi yillarda “O‘zstandart” agentligi faoliyatiga berilayotgan e’tibor va sertifikatlashtirish tizimida qabul qilinayotgan muhim hujjatlarining ahamiyatiga to‘xtaldi.
Yig‘ilish davomida Jizzax sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori T. Abdunazarov viloyat miqyosida tadbirkorlar uchun yaratib berilayotgan bir qator qulaylik va imkoniyatlar haqida gapirib, bu o‘rinda hududiy boshqarma va markazlarning eshiklari ular uchun doimo ochiqligi to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Yig‘ilish so‘ngida bunday uchrashuvlar viloyatning boshqa tumanlarida ham tizimli o‘tkazishga kelishib olindi.