Urganchda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. 


O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, Respublika Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan seminarda ommaviy axborot vositalari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. 

Mustaqillik yillarida mamlakatimizda inson, uning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani ta’kidlandi. 

– Korrupsiya chegara bilmaydi, – deydi O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi guruh rahbari L.Suvonov. – U jamiyatning barcha jabhalariga kirib borib, qadriyatlar tizimi, odob-axloq me’yorlarini buzadi. Fuqarolarning erkinlik va demokratiya tamoyillariga, adolatga, davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi. Bir so‘z bilan aytganda, ushbu illatni bartaraf etmasdan turib, hech qanday jamiyat barqaror rivojlanishi mumkin emas. 

O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuni va ushbu qonunni amalga oshirish yuzasidan joriy yil 2-fevralda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda OAV va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish, mazkur qonunning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, ommaviy axborot vositalarida korrupsiyaga qarshi kurashish masalalarini yoritish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni yuksaltirishga oid ma’ruzalar tinglandi. 

 

 

O‘zA