Buxoro Sinov va sertifikatlashtirish markazining tashabbusi bilan Buxoro viloyatidagi “Mirkulol” jome’ masjidi noib imomi Sh.Fatullayev bilan “Omonatga xiyonat qilmaylik” mavzusida suhbat tashkil etildi.
Musulmon kishida topilishi lozim bo‘lgan go‘zal xulqlardan biri omonatdorlik va ahdga vafo qilishdir. Har bir imonli shaxs o‘zgalar bilan biror ishda ahdlashgan bo‘lsa, ahdiga vafo qilishi va va’dasining ustidan chiqishi hamda omonatini ado etishi lozim bo‘ladi. Insonlarning omonatlari xoh mol-mulk, xoh boshqa narsa bo‘lsin, unga rioya qilish mo‘’minlik burchi hisoblanadi.
Muqaddas kitoblarda aytilishicha insonlarga barcha ishlarda boshqalarga o‘rnak bo‘lishlari ta’kidlab o‘tilgan. Omonatni yaxshi saqlab, o‘z egasiga salomat topshirish xususida buyuk ajdodlarimiz yoshliklaridan boshlab barchaga namuna bo‘lganliklari tarixdan ko‘p uchraydi.
E’tiborli tomoni shundaki, tabarruk zotlar o‘zlarining rostgo‘yliklari, birovlarning haqqiga xiyonat qilmasliklari, va’dalariga vafodorliklari tufayli hozirgi kungacha yoshl avlodga ibrat maktabi bo‘lib kelmoqdalar.
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda “Kimdaki to‘rtta narsa bo‘lsa haqiqiy munofiq bo‘ladi. Kimdaki ulardan bir xislat bo‘lsa, o‘shani ketkazmaguncha unda munofiqlikdan bir xislat bo‘ladi ‒ omonat qilinsa, xiyonat qiladi; so‘zlasa, yolg‘on gapiradi; ahd qilsa, buzadi; xusumatlashib qolsa, fujur (nohaqlik, g‘irromlik) qiladi”.
Omonatdorlik borasidagi boy ma’naviyatimiz ko‘rsatmalariga amal qilinsa, jamiyatdagi o‘zaro ishonch, mehr-oqibat va hamjihatlik ortadi. El-yurtning qut-barakasi va fayzi ziyoda bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir imonli va chin e’tiqodli kishi mas’uliyatni chuqur his etgan holda, turli salbiy sifatlardan saqlanib borishga va zimmamizdagi omonatlarni o‘z vaqtida ado etishga jiddiy harakat qilishimiz, lozim bo‘ladi.