Rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini tanlagan har qanday davlat eng avvalo boshqaruv tizimida ta’magirlik, poraxo‘rlik va korrupsiyani keltirib chiqaradigan omillarga qarshi kurash olib borishi tabiiy.
Jahon iqtisodchilarining tahlillariga suyanadigan bo‘lsak, qayerdaki tanish-bilishchilik, ta’magirlik va uyushgan korrupsion holatlar ildiz otgan bo‘lsa, o‘sha yerda hech qachon rivojlanish haqida mutloqo gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas deyiladi.
Birlashgan Millatlar tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jahonda yillik pora sifatida berilayotgan mablag‘ning miqdori 1 trillion deb baholanmoqda.
Yoki bo‘lmasa, boshqa bir manbaada ta’kidlanadiki, sayyoramizning deyarli har to‘rtinchi fuqarosi davlat xizmatlariga murojaat qilganlarida pora berishga majbur bo‘lmoqdalar.
Yuqoridagi raqamlarning ko‘lamidan ham bilsa bo‘ladiki, korrupsiya taraqqiyotning ashaddiy kushandasi desak xato bo‘lmaydi.
“O‘zstandart” agentligi tizimida ham xodimlar ishtirokida ta’magirlik, korrupsiyani oldini olishga bag‘ishlangan bir qator uchrashuvlar va seminarlar tashkil etib kelinmoqda.
Agentlik tomonidan tashkil etilgan navbatdagi uchrashuvning mavzusi ham “Korrupsiya taraqqiyotimiz kushandasi” deb nomlandi.
Yig‘ilishni “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori o‘rinbosari J.Shukurov kirish so‘zi bilan ochib, kun tartibiga qo‘yilgan mavzuning o‘ta dolzarb ekanligi, Agentlik tizimidagi barcha mas’ul rahbarlar, boshqarma va bo‘lim boshiqlari har bitta xodim bilan kunlik, haftalik reja ishlab chiqib, ularga ta’magirlik va poraxo‘rlikning salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida tushuntirishlar berib borishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Tanqidiy, tahliliy ruhda tashkil etilgan uchrashuvda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Milliy metrologiya instituti direktori A.Daminov, Axborot ma’lumot markazi direktori A.Mustafoyev va Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A.Zokirovlar so‘z olib, korrupsiya illatini keltirib chiqaradigan omillarni aniqlash va unga barham berish hamda xodimlar o‘rtasida mazkur illatning yo‘qotish maqsadida targ‘ibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish kerakligini ta’kidlab o‘tdilar.

Axborot xizmati