O’zbekistonda telekommunikatsiya sohasi iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Telekommunikatsiya bozorining rivoji milliy iqtisodiyot va axborot iqtisodiyotining rivojlanishini barqaror ta’minlash manbaalaridan biri sanaladi. Ushbu bozor aholining ijtimoiy va iqtisodiy hayotini yaxshilashda, shu jumladan chekka hududlarda ta’lim jarayonlarini modernizatsiya qilishda, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatini yaratishda qulaylik tug‘dirishda muhim rol o‘ynaydi. O’zbekistonda telekommunikatsiya sohasi jadallik bilan rivojlanmoqda. Mobil aloqa xizmatlari bozorida raqobatning eng yuqori darajasi kuzatilmoqda. Bugungi kunda O’zbekistonda uyali aloqa bozori beshta operator tomonidan taqdim etib kelinmoqda. Uyali aloqaning takomillashuvida asosiy mexanizmlarni texnologiyalardagi mukammallik va raqobatni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Raqobatbardoshlikni ta’minlashning eng muhim omillaridan biri, bu xodimlar malakasini yuqori darajada oshirish hisoblanadi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, "Universal Mobile Systems" (UMS) uyali aloqa operatori kompaniya xodimlarining malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda.Ushbu kompaniya mutaxassislarining malakasini oshirish maqsadida Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi  malaka oshirish markazi bilan hamkorlikda 24 sentyabr kuni 4 haftalik malaka oshirish kursi tashkil etildi. Mazkur o‘quv tadbirining mavzusi "Elektr texnika maxsulotlarini sinash" bo‘ldi. O’quv kursi doirasida markaziy ofis bosh energetika Xizmati hamda “Universal Mobile Systems” MChJ hududiy filiallaridan 18 nafar mutaxassis o‘qitilishi rejalashtirilgan.