Prezidentimiz 25-fevral kuni Qarshi shahridagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. 

“Asinza-BZ” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan, qiymati 8,7 milliard so‘mni tashkil etadigan madaniyat va istirohat bog‘ida shahar aholisi, ayniqsa, bolajonlar bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi va miriqib dam olishi uchun barcha qulayliklar muhayyo qilinadi. Xitoyning “Zhengzhou Beston Amusement Equipment Co. Ltd.” kompaniyasida ishlab chiqariladigan zamonaviy attraksionlar olib kelib o‘rnatish, zamon talablari asosida sport va bolalar maydonchalari qurish rejalashtirilmoqda. 

Asosiy maqsadimiz – xalqimizni rozi qilish, odamlarning farovon yashashi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishdir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Odamlar ishdan bo‘sh vaqtida bu yerga kelib maroqli dam olsa, farzandlari, nabiralarining sho‘x-shodonligini ko‘rsa, kulgularini eshitsa, hayotdan ko‘ngli to‘ladi, ruhi ko‘tarilib, yangi-yangi marralarga intiladi. 

Prezidentimiz bog‘da yashil maysazorlarni ko‘paytirish, turfa gul va manzarali daraxtlar ekish, bu yerga tashrif buyuruvchilar uchun barcha sharoitlarni yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. 

Davlatimiz rahbari Qarshi shahridagi avvalgi “Nasaf” stadioni hududida barpo etilayotgan ko‘p tarmoqli suzish havzasi va zamonaviy dam olish majmuasi loyihasi bilan tanishdi. 

4,7 gektar maydonda qurilayotgan 25x11 metr o‘lchamdagi ikki suzish havzasi hududda suv sporti turlarini yanada ommalashtirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, kelajakda jahon va Olimpiya chempionlarini tarbiyalashga xizmat qiladi. 

Bu yerda yaratiladigan zamonaviy sharoitlar barchaga manzur bo‘lishi muqarrar. Suvni tozalash, isitish, haroratni mo‘tadil saqlash uskunalari o‘rnatiladigan basseynlar bu yerga keluvchilarning suzish mahoratini oshirish, sog‘lig‘ini mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Yoshlarimizning barkamol o‘sib-ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlarni yaratishimiz kerak, dedi Prezidentimiz. Shunda ular Birinchi Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘ladi. 

Majmuani jihozlashda ilg‘or va tejamkor texnologiyalardan samarali foydalanish, kiyinish, yuvinish xonalarida barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. 

Davlatimiz rahbari Jayxun ko‘chasida qurilayotgan 5 qavatli zamonaviy turar joy binolari loyihasi bilan tanishdi. 

Ushbu ko‘chada aholi uchun 25 ta ana shunday ko‘p qavatli uy barpo etiladi. Hududda davr talablari asosida faoliyat yuritadigan restoranlar, supermarketlar, issiq non va oziq-ovqat do‘konlari, kafe va choyxonalar, go‘zallik salonlari, sartaroshxona va avtoturargohlar qurish rejalashtirilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev Qarshi tumanida maishiy chiqindilarni qayta ishlash loyihasini ko‘zdan kechirdi. 

“Universal max service” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan loyihaning umumiy qiymati 4 million dollardan iborat. 

Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida yiliga 180 ming tonna chiqindini yig‘ish, saralash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi. Bugungi kunda dastgohlar sotib olish bo‘yicha shartnomalar tuzish, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. 

Chiqindilarni qayta ishlash atrof-muhitni muhofaza qilish va ishlab chiqarishni yanada rivojlantirishda muhim omildir, dedi Prezidentimiz. Bu shahardagi sanitariya holatini yanada yaxshilashda, aholining salomatligini saqlash va bandligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimiz “Qashqadaryo dori-darmon” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Rodex Trading Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan kukun shaklidagi antibiotik dori vositalari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. 

Qiymati 5,09 million AQSh dollari bo‘lgan ushbu loyihaga ko‘ra klaforan, sefomed, gentomitsin, sefazolin, sefotaksim va boshqa turdagi dori vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Davlatimiz rahbari dorivor o‘simliklarni qayta ishlash, tibbiy moylar ishlab chiqarishni tashkil etish loyihalarini ko‘zdan kechirdi. 

Qashqadaryo vohasining purviqor tog‘lari, bepoyon qiru adirlarida noyob giyohlar, buta va daraxtlar serob, dedi Prezidentimiz. Ularni qayta ishlash asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqarish har jihatdan samarali va istiqbollidir. Sohada har bir tadbirkorga zarur imtiyoz va qulayliklar yaratiladi. 

Loyihada tirnoqgul, zubturum, oshqovoq urug‘i, tog‘ rayhoni, na’matak, kiyik o‘ti, dalachoy, gazanda, moychechak kabi o‘simliklardan dorivor choylar, bodom, kanakunjut, shaftoli, zig‘ir, sedana, o‘rik, mavrak singari buta va daraxt mevalaridan shifobaxsh moylar ishlab chiqarish mo‘ljallanmoqda. 

Loyihani amalga oshirish natijasida yuzga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

Prezidentimiz Qarshi shahrida elektronika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. Bu yerda yiliga TCL brendi ostida 25 ming dona zamonaviy televizor, 15 ming "Samsung" changyutgichi, 100 mingdan ortiq rozetka va elektr uzatgich mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. 

Mahsulot narxini arzonlashtirish va ularni eksportga yo‘naltirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, korxona faoliyatiga kollej bitiruvchilarini jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. 

Manba: O'zA