Xalq bilan muloqotning noyob va samarali usuli

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini belgilovchi muhim hujjat bo‘ldi. 

Mamlakatimizda tarixan juda qisqa vaqt – 25-yilda mazmunan asrlarga tatigulik ishlar amalga oshirildi. Milliy davlatchilik va suverenitetimizning huquqiy asoslari yaratildi va mustahkamlandi. Chegaralarimiz xavfsizligi ta’minlandi. Bu jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklari, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun zarur shart-sharoit yaratdi. 

Shu bilan birga, bugun shiddatkor davr davlat va jamiyat tizimini yanada takomillashtirish, barcha rahbarlarning mas’uliyatini oshirish, hokimiyat organlari bilan xalqning yaqinligini ta’minlashni taqozo etmoqda. Binobarin, jahon bozori kon’yunkturasi keskin o‘zgarib, globallashuv sharoitida raqobatning tobora kuchayib borayotgani ijtimoiy-iqtisodiy hayotni yanada jadal sur’atlar bilan rivojlantirish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish zaruratini keltirib chiqardi. 

Huquq va erkinliklarimiz kafolati bo‘lgan Bosh qomusimizning 1-moddasida “Davlatning manbai xalq” deyilgan. Unda inson sha’ni, qadr-qimmati – eng oliy qadriyat, inson omili bosh masala ekani qonun yo‘li bilan kafolatlangan. Harakatlar strategiyasidagi beshta ustuvor yo‘nalishning har biri bo‘yicha belgilangan vazifalar, chora-tadbirlarda ham bu yaqqol o‘z ifodasini topgan. 

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joylarda ish boshlagan Xalq qabulxonalari inson manfaatlari ustuvorligini ta’minlashning tayanch nuqtasi, hokimiyat organlari va xalq o‘rtasida ishonch ko‘prigi bo‘lib xizmat qilmoqda. Bu maskanlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqaradigan, ularning manfaatlarini ustuvor etadigan izchil mexanizmga asos soldi. Unda murojaat bilan keluvchilar uchun yaratilgan qulayliklar – ishchanlik muhiti, murojaat qiluvchilarga bo‘lgan munosabat ham butunlay o‘zgacha, to‘la-to‘kis qonun talablari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Xalq qabulxonasida murojaat bilan kelgan kishi o‘zini faol mavqeda his qiladi. Arzini emin-erkin bayon etadi. Bu shunchaki muloqotdan iborat bo‘lib qolmaydi, balki uning murojaati rasman ro‘yxatga olinadi. So‘roviga javob beriladigan muddatlar haqida ma’lumot taqdim etiladi. Har bir murojaat, ularni tahlil etish, xolisona o‘rganish va yechim topish ishlari ustidan qat’iy monitoring, nazorat olib boriladi. 

Xalq qabulxonalari jamiyatni demokratik yangilash, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida, inson manfaatlariga qaratilgan eng ustuvor vazifalarni belgilash va ularning ijrosini nazorat qilib borishning muhim mexanizmidir. Qonun oldida barchaning barobarligi, o‘z fikrini erkin ifoda etish imkoniyati fuqarolik jamiyatining asosiy belgilaridir. 

Shu o‘rinda shaxsning o‘z huquq va erkinliklarini to‘la namoyon etishi uchun davlatimiz tomonidan yaratilgan qulay muhit, shart-sharoit fuqarolarimiz zimmasiga ham alohida mas’uliyat yuklashini ta’kidlash lozim. Binobarin, har bir huquq va erkinlik zamirida shaxsning zimmasidagi burch va majburiyat ham mavjud. Xalq qabulxonalari yoki elektron hukumat portaliga qilinadigan murojaatlar asosli va haqqoniy bo‘lishi shart. Murojaatlar shaxsiy g‘araz va ziddiyatlardan xoli, birovga atay ozor yetkazish niyatida bo‘lmasligi darkor. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan bu dastur har bir fuqaroning manfaatini himoya qilish, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish orqali, pirovardida Vatan ravnaqi va xalq farovonligiga erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. 

Bir so‘z bilan aytganda, o‘zimizni, o‘zligimizni namoyon etish uchun muhit yaratildi, jarayon boshlandi. Barchamiz hamjihat bo‘lib harakat qilmog‘imiz lozim. Bir-birini qo‘llash, birdamlik, iqtisodiy barqarorlik, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik singari tamoyillar bizga kuch va ishonch beruvchi omillar bo‘lib xizmat qiladi. 

Manba: O'zA