Poytaxtimizda O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan aholi bilan ochiq muloqotni kengaytirish, fuqarolar huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishida jamoat tashkilotlarining o‘rniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. 

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida aholi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri, ochiq muloqotni tashkil etish maqsadida har oyning ikkinchi o‘n kunligi federatsiya tizimidagi rahbarlarning aholi bilan muloqot kunlari etib belgilangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy birlashmalari, tuman (shahar) jamiyatlarida «Iste’molchi bilan muloqot» huquqiy maslahatxonalari tashkil etilgan. 

Joriy yilning o‘tgan davrida mamlakatimizning barcha hududlarida federatsiyaga qarashli tashkilotlar tomonidan aholi bilan 300 ga yaqin muloqot tadbirlari o‘tkazilgan. Muloqotlarda gaz ta’minoti, ichimlik suvi, elektr energiyasi, issiqlik manbai, savdo-sotiq, sog‘liqni saqlash va jamoat transporti sohalari bo‘yicha kamchilik va muammolar yuzasidan aholidan tushayotgan murojaatlarga ijobiy yechim topishga erishilmoqda. 

www.istemol.uz veb-sayti orqali ariza, taklif va shikoyatlarni elektron tarzda qabul qilish yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda ushbu elektron qabulxonaga iste’molchilardan 65 murojaat kelib tushgan. Fuqarolarning murojaatlari yagona "ishonch telefoni" (1091) orqali ham qabul qilinmoqda. 

15-mart – Xalqaro iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida uchrashuv va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda, yoshlar o‘rtasida «Men yosh iste’molchiman» mavzuida ko‘rik-tanlov tashkil etilgan. 

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi. 

Manba: O'zA