Yosh avlodga internet tarmog‘ida qulay, xavfsiz muhit yaratish, ma’rifiy resurslardan yagona nuqtadan foydalanishni tashkil qilish maqsadida «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan «ZiyoNET» tarif rejasi joriy qilindi. Xalqaro tajriba asosida tatbiq etilayotgan ushbu tizim xavfsiz internet resurslaridan ommaviy foydalanish imkonini beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi, Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi hamda «UZINFOCOM» markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida mamlakatimizda xavfsiz internet maydonini tashkil etish, yoshlarni axborot xurujlaridan himoya qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritildi. 

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari U.A’lamov, «O‘zbektelekom» AK bosh direktori Sh.Qodirov va boshqalar zamonaviy internet texnologiyalari foydali jihatlari bilan birga yot g‘oyalarni targ‘ib qilish, zo‘ravonlik, ektremizm singari salbiy ta’sirlarni ommalashtirish vositasi sifatida yosh avlod tarbiyasiga jiddiy tahdid solayotganini ta’kidladi. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar bu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘lmoqda. 

Yangi tarif rejasiga "ZiyoNET" ta’lim tarmog‘iga ulanish uchun tashkil etilgan "ZiyoNET" tarif rejasi asos qilib olingan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 28-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining jamoat ta’lim axborot tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan ishlab chiqilgan "ZiyoNET" ta’lim tarmog‘idan mamlakatimizdagi ta’lim muassasalari, axborot-kutubxona, ilmiy, madaniy-ma’rifiy markazlar foydalanib kelmoqda. 

Mazkur portalga ulanish uchun «ZiyoNET» imtiyozli tarif rejasi faqat yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilgan bo‘lsa, endilikda jismoniy shaxslarga ham shunday qulaylik yaratildi. 

Tarif rejasi doirasida foydalanuvchi «ZiyoNET» tarmog‘idagi yagona axborot resurslari ro‘yxatiga kiritilgan saytlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayni paytda yagona axborot resurslari reyestriga ta’lim, madaniyat, sport, biznes, tibbiyot yo‘nalishlarida 3 mingdan ziyod milliy va xalqaro saytlar kiritilgan. Eng kichik yoshli foydalanuvchilar uchun ham maxsus saytlar ro‘yxati mavjud. Ushbu ro‘yxat muntazam tahlil qilinib, foydalanuvchilarning taklifiga ko‘ra, boyitib boriladi. 

Tarif rejasini ishlab chiqishda uning nafaqat yoshlar uchun foydali, balki ko‘rsatiladigan xizmatlarning qulay narxda bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, tarifda yagona axborot resurslari ro‘yxatiga kiritilgan xalqaro va milliy domenda faoliyat ko‘rsatayotgan saytlardan foydalanish mumkin bo‘ladi. Bunda internet trafigi chegaralanmaydi. 

Axborot xavfsizligini ta’minlash markazi mutaxassislari tomonidan internet tarmog‘ining yosh avlod tarbiyasiga salbiy jihatlari doimiy o‘rganib borilmoqda. Ota-onalarga voyaga yetmagan farzandlarining yoshidan kelib chiqib internet tarmog‘ida ularni himoya qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdid va xavflarning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berib borilmoqda. 

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. 

Manba: O‘zA