Fuqarolar huquqlari himoyasi kuchaytirildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yaqinda bo‘lib o‘tgan to‘qqizinchi yalpi majlisida sud-huquq sohasini isloh qilishga oid qator masalalar ko‘rib chiqildi. “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ham ma’qullandi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 29-martda imzolagan mazkur qonun shu yil 1-apreldan kuchga kirdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan yangi qonunning mazmun-mohiyati va ijrosi bilan bog‘liq masalalarga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Unda Oliy sud sudyalari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bilan bir qatorda videokonferensaloqa tizimi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oliy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari sudyalari, xodimlari ishtirok etdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgani va qabul qilingani qayd etildi. 

– Kuchga kirgan yangi qonun sud-huquq tizimini yanada demokratlashtirishga va erkinlashtirishga qaratilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi Olimjon Hayitov. –Qonun asosida bajariladigan ishlar sud, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari faoliyatining samaradorligini yanada yaxshilashga, aholining odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirishga, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashga hamda qonuniylikni mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Fuqarolik protsessual, Jinoyat-ijroiya kodekslariga, “Sudlar to‘g‘risida”gi va “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jinoiy jazolar tizimiga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan yengilroq jazo turi – “majburiy jamoat ishlari” kiritildi. Jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslarni qamoqda saqlash muddati 72 soatdan 48 soatgacha, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash, shuningdek, dastlabki tergov muddatlari 12 oydan 7 oygacha qisqartirildi. 

Bundan tashqari, pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlab qo‘yishga va murdani eksgumatsiya qilishga sanksiyalar berish huquqi prokuraturadan sudlarga o‘tkazildi. Shunday qilib, sud ishi yurituvida “Xabeas korpus” institutini qo‘llash sohasi kengaytirildi. Jinoyat jarayonida sud nazorati roli va ahamiyati kuchaytirildi. Qonunga muvofiq sudlarga qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llashni rad etishda muqobil ehtiyot choralarini qo‘llash huquqi berildi. Bunda sud tomonidan qo‘shimcha tergov o‘tkazish uchun jinoyat ishini qaytarish instituti butunlay bekor qilindi. Sud tekshiruvi jarayonida kamchiliklarni to‘ldirish mexanizmlari qonun bilan mustahkamlab qo‘yildi. Qonunda fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorini nazorat tartibida qayta ko‘rib chiqish muddati 3-yildan 1-yilga qisqartirildi. 

Qonun bilan viloyat darajasidagi jinoiy va fuqarolik ishlarini sudlar tomonidan ko‘rib chiqish institutini bekor qilishni, nazorat tartibida protest keltirish bo‘yicha sudlarning tegishli raislari va prokurorlari vakolatlarini istisno etishni nazarda tutuvchi tegishli tuzatishlar kiritildi. Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosatining ishlarni nazorat tartibida ko‘rib chiqishga doir bir-birini takrorlovchi vakolatlari bekor qilindi.