Tomorqa – daromad manbai

Mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, ayniqsa, aholining tomorqadan unumli foydalanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. 

Navoiy viloyatida ham ana shunday e’tibor samarasida tomorqadan unumli foydalanib, oilasi farovonligi, bozorlarimiz to‘kinligiga munosib hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Xususan, Xatirchi tumanidagi Zarafshon mahallasida istiqomat qiluvchi 70 yoshli Ahmad bobo Hamidov ana shulardan biri. U to‘rt sotix yerda issiqxona tashkil etib, ming tup pomidor parvarishlamoqda. Bobo tomorqasida yetishtirilgan sara mahsulotlarni tez kunlarda bozorga olib chiqadi. 

– Eski bedazor o‘rnida yaxshi niyat bilan issiqxona barpo etdik, – deydi bobo. – Hosildorlik yaxshi. Kelgusida issiqxona maydonini yanada kengaytirib limon, bodring yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. 

Tumanda tomorqa madaniyati yildan-yilga yuksalib, oilalar daromadi oshmoqda. Ayniqsa, Bog‘chakalon, Ko‘ksaroy, Ikrom Karvon nomidagi mahallalar aholisi tomorqadan unumli foydalanish hadisini olgan. 

– Tomorqa madaniyatiga e’tibor farovonlik demakdir, – deydi "Ko‘ksaroy" mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ilhom Mustafoyev. – Bo‘sh yerlardan unumli foydalanish, issiqxonalar tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan targ‘ibot ishlari o‘z samarasini berayotir. Mahallamizdagi har ikki xonadonning birida issiqxona bor. Yilning to‘rt faslida barcha sabzavotlar muhayyo. 

“Bog‘chakalon” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Mamarajab Hoshimov ham ishbilarmon mirishkorlardan. 3,5 sotix yerda tashkil etilgan issiqxonada 800 tupdan ortiq pomidor ko‘chati parvarishlanmoqda. Yanvarning yigirmasida o‘tqazilgan nihollar ayni paytda hosilga kirgan. Xonadon sohiblari ham bedazor o‘rnida sarimsoqpiyoz, piyoz, kartoshka kabi sabzavotlar yetishtirmoqda. Mamarajab aka mahsulotlarni bozorga chiqarish harakatida. 

Mahalladagi Dilmurod Malikov 2,5 sotixli issiqxonada bulg‘or qalampiri ekdi. Bu sabzavot sovuqqa chidamliligi, xaridorgirligini yaxshi bilgan Dilmurod aka tajribalarni amalda sinab ko‘rmoqda. 

Tadbirkor dehqon faqat issiqxona bilan cheklanib qolmasdan, xonadonida quyonchilikni ham yo‘lga qo‘ygan. Tovuq, kurka ko‘paytirib, oilaning tuxum va parranda go‘shtiga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan tashqari, bozorga chiqarib yaxshigina daromad olmoqda. 2,5 sotixli bog‘da olma, shaftoli, o‘rik, gilos ko‘chatlari ham baravj o‘smoqda. 

– Kollejni bitirib imtiyozli kredit asosida issiqxona tashkil qildim, – deydi Ikrom Karvon nomidagi mahallada istiqomat qiluvchi Maqsud Isomiddinov. – 2 sotixli issiqxonada bodring yetishtirmoqdamiz. Issiqxona atrofidagi bo‘sh turgan yerlarga sabzi, no‘xat, pomidor, kartoshka kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekkanmiz. 

Xatirchilik mirishkorlar limon yetishtirish bo‘yicha ham yaxshigina tajriba to‘plamoqda. Ko‘ksaroy mahallasida yashovchi Uzoq Bozorov 2 sotix maydonda limonariy tashkil qilib, 30 tupdan ortiq limon ko‘chatidan mo‘l hosil olmoqda. 

Bularning barchasi mamlakatimizda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samaralaridir.