Joriy yilning aprel oyidan boshlab tadbirkorlik subyektlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimiga murojaat etish yo‘li bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda. Bu esa o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lganlarga internet tarmog‘i orqali tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tish imkonini beradi. 

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida “yagona darcha” markazlari faoliyatidagi yangiliklar, taqdim etilayotgan qulaylik va imkoniyatlarning tashkiliy-huquqiy asoslariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shular haqida ma’lumot berildi.  

Adliya vaziri o‘rinbosari A.Usmonov va boshqalar mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash Prezidentimizning doimiy e’tiborida ekanligini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-fevraldagi “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.  

Tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar qisqartirildi. Endilikda ro‘yxatdan o‘tish uchun belgilangan tartibda to‘ldirilgan ariza va ta’sis hujjatlarini taqdim etishning o‘zi yetarli. Tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun internet tarmog‘i orqali murojaat qilsa, belgilangan davlat bojining yarmini to‘laydi.  

Yuqorida nomi keltirilgan qarorga binoan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomani "yagona darcha" markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Avtomatlashtirilgan ro‘yxatga olish tizimining samarali ishlashini ta’minlash maqsadida "yagona darcha" markazi xodimlarining malakasi oshiriladi. 

– Oliy o‘quv yurtida o‘qish bilan birga hunarmandchilik bilan ham shug‘ullanaman, – deydi Malika Abdiyeva. – Internet orqali yarim soat ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tdim. "Yagona darcha" markazi mutaxassislari ish yuritish, kredit olish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda ham maslahatlar berdi. 

Toshkent viloyati va poytaxtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan "yagona darcha" markazlari mutasaddilari, tadbirkorlar va jurnalistlar ishtirok etgan tadbirda tushgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.