Poytaxtimizda mahalliy kompaniyalar va korxonalarning mehnat unumdorligini yanada oshirish maqsadida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish masalasiga bag‘ishlangan “Sap” innovatsion forumi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati, “Uzinfocom” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va joriy etish markazi, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi, “Elektron hukumat” tizimini rivojlantirish markazi, xorijiy va mahalliy axborot-texnologiyalari kompaniyalari vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri vazifasini bajaruvchi Sh.Shermatov va boshqalar mamlakatimiz iqtisodiyotiga raqamli texnologiyalar yutuqlari faol joriy etilayotgani an’anaviy texnologiyalar imkoniyatlarini oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilar va iste’molchilar o‘rtasida o‘zaro aloqalarni yaxshilash, korxonalarning ichki jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Ish sifati va unumdorligiga bo‘lgan talab ortib borishi mahalliy korxonalarning aksariyat ishlab chiqarish va moliyaviy jarayonlarini boshqarish va takomillashtirish imkonini beradigan innovatsion tizimlarni joriy etishni ko‘zda tutadi. 

“Sap” innovatsion forumi alohida sessiyalarga bo‘lingan holda o‘tkazildi. Ularda jamiyat va biznesni axborotlashtirish tendensiyalari, zamonaviy intellektual tizimlarni joriy etish orqali mehnat unumdorligini oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, agrar sohaga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etishga oid so‘nggi yutuqlar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun elektron savdo maydonchalarini tashkil etish, mahsulotni tarqatish logistikasi, firibgarlikning oldini olish tizimlari, davlat boshqaruvi va biznesda tahliliy tizimlarni qo‘llash bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. 

Forum doirasida texnik yechimlarga oid ko‘rgazma tashkil etildi. Unda bank sektori, avtomobil sanoati, qurilish va boshqa sohalardagi ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan elektron tizimlar va dasturiy komplekslar namoyish etildi.