Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. 

“Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-martdagi “Tadbirkorlik subyektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori tadbirkorlik subyektlari, barcha aholi qatlamining imtiyozli mikrokreditlardan keng foydalanishini ta’minlash hamda yakka tartibdagi mehnat faoliyatini rag‘batlantirish orqali aholi bandligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Qarorga ko‘ra, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yakka tadbirkor yoki oilaviy tadbirkorda mikrokreditga ehtiyoj bo‘lsa-yu, biroq bankka garovga qo‘yish uchun hech narsasi bo‘lmasa, unga eng kam ish haqining 20 barobarigacha miqdorda mikrokredit ajratiladi. Bunda mazkur mablag‘ evaziga olingan tovar garovda turadi. Sarmoyalar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kafilligi asosida ham ajratiladi. Bunda eng kam ish haqining 60 barobarigacha miqdorda mikrokreditlar beriladi. Vaholanki, hozirga qadar kreditlar yetarli miqdorda garov ta’minoti bo‘lgandagina ajratilayotgandi. 

– 2021-yil 1-yanvarga qadar yakka tartibdagi tadbirkorlar va oilaviy tadbirkorlik subyektlari faoliyat turlaridan qat’iy nazar, mikrokreditlarni rasmiylashtirgach, 6 oy muddatga soliq to‘lovlaridan ozod etilgan, – deydi “Mikrokreditbank”ning yuridik shaxslarni kreditlash departamenti direktori Zafar Ahmedov. – Imtiyozlardan foydalanadigan soliq to‘lovchilar davlat ro‘yxatiga olingan kundan e’tiboran o‘n ikki oy ichida tugatilsa yoki uch va undan ko‘p oy muddatga faoliyatini to‘xtatsa, faoliyat ko‘rsatgan davri uchun belgilangan soliqlarni to‘laydi. 

Bankda “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish” loyihasi doirasida fuqarolarning tadbirkorlik qobiliyatini aniqlash va rivojlantirish, ularning bank xizmatlari va kredit mablag‘lariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 428 aholi punktida istiqomat qilayotgan 706 ming 700 xonadon egasini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida tushuntirish ishlari olib borildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagini bildirgan va kredit mablag‘iga ehtiyoji bo‘lgan fuqarolarga 70,1 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratildi. Natijada 12 mingga yaqin ish o‘rni yaratildi. 

Aholiga qulaylik yaratish uchun kredit hisobidan sotib olinadigan qoramol, qo‘y-echki, quyon, parranda, baliq, asalari uyasi, mevali daraxt va tok ko‘chatlari, urug‘, mineral o‘g‘it, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish vositalari, maishiy texnika, uskunalar, qurilish materiallari va boshqa tovarlarni hech qanday cheklovlarsiz naqd pulsiz hisob-kitob yo‘li bilan yetkazib berish tashkil etilmoqda. 

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur bank yurtimizda quyonchilik sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Natijada oltmishdan ziyod quyonchilik agrofirmasi tashkil etildi. Mazkur agrofirmalarga o‘tgan yili 10 573 million so‘mlik kreditlar ajratilib, Italiyadan go‘sht yo‘nalishidagi 1,5 ming bosh zotdor quyon keltirildi. Bugungi kunda quyonlar soni 15 mingtadan oshdi. 

– O‘tgan yili 140 million so‘m sarmoya olib, Italiyadan 208 ta naslli quyon olib keldik, – deydi Toshkent viloyati Keles tumanidagi "Xon quyon" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ulug‘bek Rahbarov. – Qisqa fursatda ularning soni 4 mingtaga yetdi. Mahsulot supermarket va kafelarga yetkazilmoqda. Shuningdek, barcha emlashlar bajarilgach, 65 kunlik quyonlar aholiga va xo‘jaliklarga berilmoqda. Bankdan olingan sarmoyamizning besh yillik imtiyozli davri bo‘lib, kreditni to‘lashda qiynalmaymiz. 

Tijorat banklari ko‘rsatayotgan mikrokredit va mikrolizing xizmatlari ish faoliyatini yangidan boshlayotgan tadbirkorlik subyektlari, dehqon va fermer xo‘jaliklariga o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishlarida qo‘l kelmoqda.