Bugungi kunda ishlab chiqarish, moliya sohalarida yangi texnologiyalarni joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish, valyuta resurslarini jamg‘arish innovatsion faoliyat jadal taraqqiy etganiga bog‘liq. Inson faoliyatining turli jabhalarini qamrab olgan innovatsiya jarayonlarining uzviyligi esa ilmiy yo‘nalishlar va fanlararo tadqiqotlar negizidagina aniq natijalar beradi. 

An’anaviy «Innovatsiya – 2017» xalqaro ilmiy-amaliy anjumani mamlakatda innovatsion rivojlanishni jadallashtirishda olimlar, tadbirkorlar, bank-moliya va boshqa ko‘plab soha vakillarini o‘z atrofiga birlashtirgani bilan muhim ahamiyatga ega. 

Forum Tarmoqlararo strategik innovatsiyalar va axborotlashtirish markazi tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Norvegiya, Ukrainadan olimlar, tadqiqotchilar, yirik sanoat korxonalari vakillari, tadbirkorlar va yoshlar ishtirok etmoqda. 

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti prorektori B.Mirzaahmedov, Tarmoqlararo strategik innovatsiyalar va axborotlashtirish markazi direktori O.Qodirov va boshqalar O‘zbekistonda fan va ishlab chiqarish hamkorligini mustahkamlash, ilm-fan taraqqiyotida fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy ishlanmalar va innovatsion g‘oyalar uchun mustahkam asos yaratilganini ta’kidladi. Prezidentimiz rahnamoligida yuqori texnologik ilmiy mahsulotlar ishlab chiqaruvchi innovatsiya markazlari tashkil etish, ular faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy-innovatsion mahsulotlarni amaliyotga keng joriy etish borasidagi islohotlar izchillik bilan olib borilayotgani qayd etildi. 

Anjumanda ilmiy-amaliy va ta’lim yo‘nalishlarining dolzarb masalalari muhokama etilmoqda. 

Avtomatlashtirish va sanoat xavfsizligi, kon sanoati innovatsion muammolarini yechishning raqamli modellari, Orol-Sirdaryo havzasi suv tarkibining ekoradiomonitoringi, meva-sabzavotlarni saqlash va o‘rmonlar barpo etishning innovatsion texnologiyalari kabi mavzularni qamrab olgan umumiy yig‘ilishlarda ilmiy-texnik hamda innovatsion ishlanmalar, ularning ilmiy-nazariy asoslariga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. 

“Yoshlar va ta’lim muammolari” sho‘’basida ta’lim muassasalarida fanlarni o‘qitishning zamonaviy usullari, texnika sohasiga ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlarida ijtimoiy loyihalash tajribasi, O‘zbekiston tarixini o‘rganishda toponomik innovatsion texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etildi. “Iqtisodiyot tarmog‘idagi innovatsion jarayonlar” mavzuidagi sho‘’ba majlislarida aviatsiya, kompyuter texnikasi, sinxron mexanizmlar va mashinalar, paxta terish mashinalari qismlarining umumiy holati bo‘yicha ma’lumot olish, paxta tolasi sifatini oshirish kabi masalalar yechimi yuzasidan fikr almashilmoqda. 

– Mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotining o‘ziga xos xususiyatlari ta’lim tizimiga o‘qitishning innovatsion hamda ilg‘or xorijiy tajribalari, yangicha yondashuvlarni joriy etishda namoyon bo‘lmoqda, – deydi Toshkent davlat texnika universiteti professori To‘lqin G‘oipov. – Ta’lim tizimini isloh qilishga bo‘lgan bunday yondashuv jamiyat hayotining turli sohalari uchun yuqori salohiyatga ega kadrlar tayyorlash, barcha jabhalarni zamon talabiga mos tarzda rivojlantirish imkonini bermoqda. Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishlab chiqarish vakillari, olimlar, tadbirkorlar o‘rtasida o‘zaro muloqot maydonini yaratmoqda. Bu ilmiy-texnik, madaniy-gumanitar sohadagi yutuqlarni qiyosiy tahlil qilish hamda ularni jamiyat hayotiga faol joriy etishga xizmat qilmoqda. O‘tgan yillar davomida o‘tkazilgan ana shunday anjumanlarda taqdim etilgan issiqlik energiya jihozlarining samaradorligini oshirish hamda optimal ish holatini ta’minlash borasidagi ishlanmalardan bugun ishlab chiqarishda keng foydalanilayotir. 

“Tabiiy, mineral xomashyo va yonilg‘i-energiya zaxiralaridan oqilona foydalanish muammolarini hal etishning innovatsion texnologiyalari” sho‘’basi energiyani tejash, energetik va sanoat qozonlarini boshqarishning avtomatik tizimini ishlab chiqish, nasos qurilmalarida elektr o‘tkazishni tadqiq qilish, chigitni lintlash texnologik jarayonlarini boshqarishning ilg‘or usullarini yaratish masalalariga bag‘ishlangan. 

– O‘zbekistonda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha qator loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, – deydi Marksheyder nomidagi konlarni qidirish xalqaro jamiyati prezidenti Anatoliy Oxotin (Rossiya). – Bu ish samaradorligini sezilarli ravishda oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda iqtisodiy yuksalishni ta’minlash imkonini beradi. Forumda “Tog‘-kon sanoatida innovatsion muammolarni bartaraf etishning raqamli modellari” mavzuidagi ma’ruza bilan ishtirok etmoqdaman. 

Xalqaro forumning “Geologiya, kon ishi va metallurgiya” seksiyasidan uran ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish, zich ma’danlarga ishlov berish orqali oltin ajratib olish samaradorligiga erishish, qimmatbaho unsurlarga ishlov berishda katodli cho‘kmalarni qayta ishlash, po‘lat eritishning kamchiqim texnologiyalari kabi muhim ma’ruzalar o‘rin olgan. 

“Boshqaruvning avtomat va avtomatlashtirilgan tizimlari” sho‘’basi avtomatik boshqaruv tizimida dekompozitsion hamda murakkab moslashuvchan avtomatik tizimlar nazariyalarini rivojlantirish, neftni qayta ishlash zavodlarida ishlov berishning muqobil variantlarini ishlab chiqish masalalarini qamrab olgan. Neft-gaz, kimyo sanoati va geologiyada foydalanish uchun asbob-uskunalar yaratish, paxta tozalash sanoatidagi texnologik jarayonlarni boshqarishning dolzarb masalalari bo‘yicha taqdim etilgan izlanishlar amaliy ahamiyatga ega ekani bilan ishtirokchilarga manzur bo‘ldi. 

– Innovatsion ishlanmalar kelajak texnologiyalaridir, – deydi Muxtor Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti o‘qituvchisi Gavhar To‘rabekova. – Ta’kidlash joizki, mazkur anjumanda o‘zbekistonlik olimlar ilm-fanda innovatsion yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan faol tadqiqotlar olib borayotganiga guvoh bo‘ldik. Ushbu loyiha va ishlanmalarni amaliyotga keng tatbiq qilish mahalliy xomashyodan foydalangan holda jahon bozoriga yangi mahsulot turlarini chiqarishga zamin yaratadi. 

“Matematika, matematik modellashtirish”, “Axborot texnologiyalari”, “Mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi. Ekologiya” sho‘’balarida ham innovatsion loyihalarni ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilmoqda. 

Xalqaro anjuman ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik tashkilotlarining texnologiya va ishlanmalarini namoyish etish, bu boradagi ilg‘or yutuqlar bilan tanishish, innovatsion rivojlanishning istiqboldagi vazifalarni belgilashga xizmat qiladi.