«2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi» ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimovning tashabbusi bilan Samarqand Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi hamda Samarqand Sinov va sertifikatlashtirish markazi hamkorligida seminar tashkil etildi.
Seminarni Samarqand Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i M. Saidov kirish so‘zi bilan ochib, «2017-2018-yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi» ijrosini ta’minlash Chora-tadbirlari rejasiga asosan sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari hamda savdo-sanoat palatasi vakillari bilan hamkorlikda agentlik tizimidagi korxona – tashkilotlar xodimlari bilan, korrupsiyaga qarshi kurashish, bu borada qonunchilik normalari talablari, odob-ahloq qoidalari haqidagi davra suhbatlari o‘tkazish va bu davra suhbatining ahamiyati katta ekanligiga e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng, “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining matbuot kotibi A.Rasulov so‘zga chiqib, korrupsiyaga qarshi kurashish bugungi seminarning o‘tkazilishidan ko‘zlangan maqsad, xodimlar o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish, Davlatimiz tomonidan chiqarilayotgan Qonunlarga amal qilish, mijozlar bilan ishlayotganda ularga to‘g‘ri munosabatda bo‘lish, mijozlarni qonuniy haq-huquqlarini to‘g‘ri tushuntirib ishlash, Muhtaram Prezidentimiz yig‘ilishlarda bizning mamlakatimiz korrupsiya tufayli 20 yil mamlakat taraqqiyotidan orqada qolib ketdik degan so‘zlari bejizga emasligi, taraqqiyotning eng yomon kushandasi bu korrupsiya, ta’magirlik ekanligini ta’kidlab o‘tdi.
Uchrashuv davomida Samarqand shaxar prokuraturasi katta prokurorning yordamchisi A. Hudoyberdiyev, “O‘zstandart” agentligi Bosh yuristkonsulti E.Rahmonov va Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi tergovchisi A. Xayrullayevlar, korrupsiya so‘zining ma’no-mazmuni va uning keltirib chiqaradigan omillari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Tashkil etilgan seminarda Samarqand viloyati teleradiokompaniyasi va nufuzli gazetalarning muxbirlari ham qatnashib, uchrashuv tafsilotlarini targ‘ibotida amaliy yordamlarini ko‘rsatdilar.

Axborot xizmati