“O‘zstandart” agentligining tashabbusi bilan iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida poytaxtimizdagi dehqon bozorlarida qo‘llanilayotgan tosh va tarozilarning bugungi holati tanqidiy o‘rganildi.
Ming afsuski o‘rganishlar natijasida ijobiy qadamlar tashlangani bilan bir qatorda, uzoq yillardan buyon o‘z yechimini kutaverib taqdirga tan bergan masalalar hali-hanuz o‘z yechimini topmayapti.
Qonunchilik talablariga asoslanadigan bo‘lsak, dehqon bozorlari ma’muriyati sotuvchilarni elektron tarozilari bilan to‘liq ta’minlab berishlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Ming afsuski, bozorlarning rahbariyati mazkur muammoga ko‘z yumushlari oqibatida sotuvchilar o‘zlarining shaxsiy tarozilaridan foydalanishga majbur bo‘layaptilar.
O‘rganishlar natijasida ayni kunda Toshkent shahri bozorlarida 1003 dona xususiy tarozilardan foydalanilmoqda.
Dehqon bozorlarida jami 2305 dona tarozilar yetishmasligi ma’lum bo‘ldi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida belgilangan rejaga asosan, poytaxtimizdagi 13 ta bozorlarni 964 dona zamonaviy elektron tarozilar bilan ta’minlash kerak edi. Ming afsuski mazkur reja bor-yo‘g‘i 59 foizga bajarilganligini qanday izohlash mumkin. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak hammasi bo‘lib 570 dona tarozi xarid qilindi xolos.
Muammo muammoni keltirib chiqaradi deganlaridek, Toshkent shahridagi dehkon bozorlarida tarozilarning yetishmasligi oqibatida sotuvchilar davlat qiyoslash ko‘rigidan o‘tkazmasdan shaxsiy tarozilardan foydalanishlariga yo‘l qo‘yilmoqda.
O‘zingiz bir mushohada qilib ko‘ring, “O‘zstandart” ko‘rigidan o‘tmagan tarozining to‘g‘ri ishlashiga kim kafolat beradi.
Agar mavzuga chuqurroq yondoshadigan bo‘lsak, “Aviasozlar” bozorida 95 dona, “Askiya” bozorida esa 36 dona, “Chilonzor” dehqon bozorida 42 dona, “Navro‘z” bozorida 118 dona, “Oloy” bozorida 33 dona, “Sirg‘ali” bozorida 87 dona, “Farxod” dehqon bozorida 218 dona, “Eski juva”da 142 dona, “Yunusobod” 81 dona, “Qo‘ylik” bozorida 119 dona, “Qora-qamish” bozorida esa 32 dona tarozilarga ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda.
Xalqimizda o‘zganing haqqiga xiyonat qilmaslik,savdoda halollik mezonlarini buzmaslik va eng muhimi iste’molchilarning manfaatlari oliy qadryat sifatida e’zozlanib kelingan.
Bozorlarimizdagi bunday muammolar mas’ul rahbarlarning yordamida tez kunlarda bartaraf etilishiga umid bildiramiz.