Joriy yilning 24 oktyabridan 30 oktyabr sanasiga qadar “O‘zekspomarkaz” OAJ ko‘rgazmali maydonchalarida X-chi Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu yarmarkada mamlakatning barcha tarmoqlari va yetakchi korxonalari ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar o‘zlari ishlab chiqarayotgan yoki o‘zlashtirilishi rejalashtirilayotgan mahsulotlar, sanoat kooperatsiyasi orqali mahalliylashtirishga taklif qilinayotgan mahsulotlar turlari hamda istiqbolli loyihalari bilan qatnashmoqda. Barcha viloyatlar o‘zlarida mavjud bo‘lgan, biroq hali talab darajasida foydalanilmayotgan iqtisodiy, moliyaviy, mehnat resurslarini va istiqbolli loyihalarni taklif etmoqda.

Ushbu Xalqaro sanoat yarmarkasi uchun “O‘zstandart” agentligining stendi tayyorlangan bo‘lib, unda sifatni boshqarish tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish, Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish Byurosi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarga oid ma’lumotlar aks ettirilgan. Ushbu yarmarka ishtirokchilari va qatnashuvchilari uchun “O‘zstandart” agentligi va uning korxonalari faoliyati to‘g‘risida mingdan ortiq bukletlar tayyorlandi.

Shu bilan birga, “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari tomonidan yarmarka ishtirokchilari va qatnashuvchilari uchun yangi mahsulot turlariga me’yoriy – texnik hujjatlarni ishlab chiqish; mahsulotni eksport qilishda tegishli hujjatlarni tayyorlash; xalqaro standartlarga javob beradigan sifatni boshqarish tizimlarini ishlab chiqish, joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha konsultativ xizmatlar ko‘rsatilmoqda.