«O‘zstandart» agentligi tomonidan Respublikamizda xalqaro standartlarni tadbiq etishning dolzarb masalalari va korxonalarda xalqaro sifat tizimlarini joriy etishning afzalliklarida mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.
Joriy yilning 16 dekabr kuni soat 11.00 da O‘zbekiston Milliy Matbuot Markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Xaitov ishtirok etib, jurnalistlarga tanlangan mavzu yuzasidan ma’lumotlarni berdilar.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish hamda xalqaro va xorijiy davlatlarning milliy tizimlari bilan uyg‘unlashtirish vazifasi O‘zbekiston Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi zimmasiga yuklatilgan.
Mustaqillik yillarida Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohalarida “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi, “Mahsulot va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida”gi, “Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” qonunlar qabul qilindi.
Respublikamizda “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi Qonunlarining qabul qilinishi bevosita mahalliy mahsulotlarni baholash natijalarini tan olish yo‘lidagi vazifalarning to‘laqonli va sifatli amalga oshirilishiga zamin yaratdi. 
Hukumatimiz tomonidan mahalliy mahsulotlarning sifati, xavfsizligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan choralariga muvofiq, muvofiqlikni baholash natijalarini tashqi bozorda tan olinishini ta’minlash maqsadadi jadal ravishda xalqaro standartlarni joriy etish, zamonaviy sinov va o‘lchov vositalarini tashkil etish ishlariga e’tibor qaratib kelinmoqda. 
2016 yilning o‘zida 96 ta xalqaro standartlar qabul qilindi va ishlab chiqarishga tadbiq etildi. Jumladan neft-gaz, elektrotexnika, mashinasozlik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, poligrafiya va boshqa tarmoqlarning rivojlantirishda xalqaro standartlarning ahamiyati katta bo‘lmoqda.
Bugungi kunda mahsulotlarga joriy etilgan xalqaro standartlarning soni 6489 tani tashkil etib, milliy standartlarni xalqaro talablarga uyg‘unlashtirish borasida ham sezilarli yutuqlarga erishildi. 
E’tiborli tomoni shundaki, “O‘zstandart” agentligi tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning sifatini yanada oshirish va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini ta’minlash maqsadida 2020 yilgacha Sifat milliy infratuzilmasini rivojlantirish Dasturi ishlab chiqildi.
Mazkur dastur asosida, “O‘zstandart” agentligi tomonidan sinov va o‘lchov vositalarini modernizatsiya qilish, texnik qayta jihozlash, laboratoriyalarni xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazish, xalqaro standartlar va sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish masalasi ustivor qilib belgilangan.
Istiqbolli reja dasturiga ko‘ra, 2016 yilda sinov va o‘lchov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va qayta jihozlash ishlari uchun 4849,2 mln. so‘m mablag‘ sarflanib, 172 ta zamonaviy va yuqori aniqlikdagi uskunalar xarid qilindi. Buning natijasida 276 ta yangi sinov usullari, shundan 64 tasi xalqaro (ISO) joriy etildi. 
Agentlikning oziq-ovqat, yengil sanoat, elektrotexnika va qurilish yo‘nalishlari bo‘yicha 4 ta sinov laboratoriyalari xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazildi. “O‘zstandart” agentligi o‘z faoliyati doirasida xalqaro hamkorlik asosida joriy yilning o‘zida “Toshkent sinov va sertifikatlashtirish markazi” DK dunyoda o‘zining nufuziga ega bo‘lgan «SGS» xorijiy kompaniyasi bilan oziq-ovqat mahsulotlarining sinovlarini o‘tkazish yuzasidan manfaatli shartnomani imzoladi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida 7 turdagi mahsulotlarga xalqaro darajada sinov bayonnomalarini rasmiylashtirish bilan dunyoning 140 ta davlatida tan olinishiga erishildi. Bu esa o‘z navbatida yurtimizda yetishtirilayotgan vitaminlarga boy, sarxil mahsulotlarimizni jahonning nufuzli bozorlarida munosib o‘rinni egallashiga zamin yaratadi. 
Shu bilan birga, yangi 2017 yilda tizimdagi yana 4 ta sinov laboratoriyalarni xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan. Jumladan: “Surxondaryo SSM” DK qoshidagi oziq-ovqat mahsulotlarini, “Buxoro SSM” DK qoshidagi kimyo mahsulotlarini, “Namangan SSM” DK qoshidagi yengil-sanoat mahsulotlarini va “Samarqand SSM” DK qoshidagi mashinasozlik mahsulotlarini sinash laboratoriyalaridir.
Shuningdek, Respublikamizning ishlab chiqarish korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq menejment tizimlarini joriy etish jadal olib borilmoqda. 2016 yilning o‘zida mamlakatimizning 1079 ta korxonalarida menejment tizimlari joriy etildi va sertifikatlashtirildi, hamda 3306 taga yetkazildi. 
Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 5 maydagi PQ-2343-son qaroriga muvofiq energiya hajmini kamaytirish bo‘yicha davlat Dasturiga asosan ISO 50001 xalqaro standarti 11 ta energiya hajmi yuqori korxonalarga joriy etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 24 apreldagi PF-4720-son farmoniga muvofiq joriy yilda 118 ta aksionerlik jamiyatlarida menejment tizimi joriy etildi. 
Agentlik tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish sohasini muvofiqlashtirish maqsadida 30 ta davlat xizmatlari interaktiv ko‘rinishga o‘tkazildi.
Shu bilan birga, “Jismoniy va yuridik shaxslarining murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini bajarish maqsadida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining virtual qabulxonasi tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida qabulxonaga 60 dan ortiq murojaatlar kelib tushdi. 
Matbuot anjumani yakunida agentlik rahbariyati jurnalistlarga istiqbolodagi vazifalar jumladan, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohalarida amaldagi qonuniy bazani takomillashtirish, milliy etalonlar bazasini rivojlantirish, metrologiya va akkreditatsiya yo‘nalishida xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lishkabi rejalar to‘g‘risida ma’lumotlarni berdilar.