Korrupsiya iqtisodiyotning asosiy dushmani!

“O‘zstandart” agentligining Toshkent shaxar sinov va sertifikatlashtirish markazida "Korrupsiyaga qarshi kurashish” mavzusida Toshkent shaxar prokuraturasi xodimlari ishtirokida markaz xodimlari bilan ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi. Unda Toshkent shaxar prokuraturasi xodimi so‘zga chiqib, korrupsiyaning tushunchasi va uning mohiyati, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash ahvoli va uning ijtimoiy xavfliligi, xalqaro jamoatchilikni birlashib, korrupsiya muammosiga qarshi kurashish masalalari, 2003 yilning 31 oktyabr kuni BMTning korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasi imzolanishi, 2008 yil 7 iyul kuni birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov tomonidan O‘zbekiston Respublikasining "Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi kurash konvensiyasiga (Nyu-York 2003 yil 31 oktyabr) qo‘shilishi to‘g‘risida”gi Qonuni imzolanishi, korrupsiyaning salbiy oqibatlari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Maxsus qismi normalarini tahlil qilib, korrupsiya bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik belgilanganligi to‘g‘risida ma’lumot berdi. Shuningdek, korrupsiyani oldini olishning choralari va uning asosiy yo‘nalishlari, korrupsiyaning iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ruhiy va tashkiliy-boshqaruv va huquqiy omillari hamda korrupsion jinoyatlar sodir etishini qiyinlashtiruvchi, korrupsion jinoyatlar sodir etishning xatarli bo‘lishini ta’minlovchi va korrupsion faoliyatdan keladigan foydani kamaytirishga qaratilgan choralar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Ma’ruzada "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi Qonun loyixasi xaqida aloxida ta’kidlab o‘tildi. 2016 yilning 14 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni loyihasini kiritish haqida qonunchilik tashabbusi bilan chiqdi. Qonun loyihasi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni to‘liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, shuningdek korrupsiyani ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan to‘liq bartaraf etishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 83-moddasiga asosan ushbu qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining muhokamasiga kiritildi. Senatorlar "Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida"gi qonunni ma’qulladi. Yangi qonun korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni har tomonlama tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilganligi ta’kidlandi.

Ma’ruza so‘ngida yig‘ilishda ishtirok etgan xodimlar o‘zlarining mavzuga oid fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi va ularning savollariga Toshkent shaxar prokuraturasi xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi.