Yakun va rejalar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta’lim va ilm-fan, yoshlar siyosati, madaniyat, axborot tizimlari va telekommunikatsiyalar masalalari kompleksining 2016-yil ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2015-yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yil iqtisodiy dasturining eng muhim ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan majlisida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash borasida kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda amalga oshirilgan ishlar natijalari va kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. 
2016-yilda kompleks bo‘yicha jami 6,28 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, aholiga 4,49 trillion so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi. 2015-yilga nisbatan o‘sish sur’ati mos ravishda 124,2 foiz va 129,7 foizni tashkil etdi. 
Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar bo‘yicha 247,3 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirildi yoki rejaga nisbatan 115,5 foizga, eksport prognozi ko‘rsatkichlari ham ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi. 
Majlisda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishni keskin kengaytirish, ularni maktab ta’limiga tayyorlash sifatini yanada oshirish, zamonaviy ta’lim dasturlarini joriy etish asosida maktablarda ta’lim jarayonini takomillashtirish va yoshlarda kitobxonlik madaniyatini shakllantirish va o‘stirishga alohida e’tibor qaratildi. 
Kompleks yig‘ilishida mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, ta’lim muassasalarini zamonaviy darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlash, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, ularning korxona va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun salohiyatli ish beruvchilarni jalb etgan holda ixtisoslashgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalarini o‘tkazish zarurligi alohida ta’kidlandi. 
Shu bilan bir qatorda o‘qitishning zamonaviy usullarini, yangi avlod darsliklari va o‘quv qo‘llanmalarini joriy etish, yetakchi xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yish hamda oliy ta’lim muassasalarining o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash asosida ta’lim jarayonining sifatini tubdan oshirish, mamlakatimizda ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish, boshqarish va moliyalashtirish tizimidagi muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama etildi. 
Yig‘ilishda madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda kelajakdagi rejalar, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, “Elektron hukumat” tizimi doirasida axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar batafsil ko‘rib chiqildi. 
Majlisda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ma’ruzalarida belgilab berilgan vazifalarni tizimli ravishda bajarish, kompleks tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarda 2017-yilning birinchi choragida belgilangan rejalar ijrosini to‘la ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilanib, tegishli qarorlar qabul qilindi. 

Manba: www.gov.uz