Dunyo bozoriga yo‘l

O‘zbekistonning jahon bozorida talab ortib borayotgan to‘qimachilik mahsulotlari yuksak sifati va raqobatbardoshligi, xalqaro andozalarga to‘la mosligi bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda. Surxon vohasining tabiiy iqlim sharoiti xaridorgir to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqaradigan xomashyo yetishtirish uchun juda qulay. Yurtimizda qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilib, xorijiy sarmoyadorlarga qator imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanilayotgani to‘qimachilik sanoatini yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. Yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, mahalliy sharoitda yetishtirilgan sifatli paxta tolasidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga e’tibor kuchaymoqda. 

To‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona tashkil etishni anchadan beri rejalashtirib yurgan edik. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 21-dekabrdagi “2017-2019-yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori ishlarni jadallik bilan boshlashimizda muhim asos bo‘ldi. 

Tadbirkorlik va ishbilarmonlik katta tajriba, yetuk bilim va puxta biznes reja bilan ish boshlashni talab qiladi. Mazkur korxonani tashkil etishdan oldin mamlakatimizdagi va dunyo miqyosidagi to‘qimachilik mahsulotlariga bo‘lgan talabni sinchiklab o‘rgandik. Tahlillarga ko‘ra, hozir eksportning qariyb 50 foizini ip-kalava tashkil etmoqda. Kelgusida uning hajmini bosqichma-bosqich kamaytirish hisobiga yarim tayyor va tayyor, yuqori qiymatli mahsulotlarni eksport qilishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Ayni vaqtda tayyor mahsulotlar ulushi umumiy ishlab chiqarishning 47 foizini tashkil etayotgan bo‘lsa, istiqbolda 65,5 foizgacha, eksport tarkibidagi ulushi 41 foizdan 70 foizgacha o‘sishi ta’minlanadi. Shunday ekan, bu sohaning istiqboldagi muvaffaqiyati biz kabi tadbirkorlar va ishbilarmonlarning samarali faoliyat olib borishi bilan chambarchas bog‘liq. 

Bugun ishlayman, tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, degan odamga barcha sharoitlar yaratilgan. Termiz shahridagi sobiq mexanika zavodi binosi anchadan beri bo‘sh turgan edi. "O‘zbekengilsanoat" aksiyadorlik jamiyati hamkorligida umumiy maydoni 5 gektar, inshootlar joylashgan hududi 1,3 gektar bo‘lgan mazkur hududda ta’mirlash ishlarini olib bormoqdamiz. Loyiha qiymati 17 million dollar bo‘lib, shundan 15 million dollari "Asakabank" kreditidir. 

Bugun bu kabi loyihalarni moliyalashtirish uchun kreditlar butunlay yangi mexanizm asosida ajratilmoqda. Ya’ni zamonaviy yigiruv, to‘quv va bo‘yash asbob-uskunalari sotib olish bo‘yicha to‘qimachilik loyihalarini birgalikda moliyalashtirish uchun tijorat banklarida kredit liniyalari ochiladi. Tijorat banklari jalb etayotgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarda banklar yoki ularning investitsiya kompaniyalari loyihaning 100 foizi miqdorida korxona nizom jamg‘armasida qatnashishi yoki moliyalashtirishi mumkin. Tijorat banklariga loyihalarni amalga oshirish muddatidagi investitsiya davrida ajratilgan kreditlar bo‘yicha hisoblangan foizlarni kapitalizatsiya qilish hamda ularda ulushli ishtiroki bo‘yicha cheklovlarni qo‘llamaslik huquqi berilmoqda. 

Korxonani 2018-yilning sentabr oyida foydalanishga topshirishni rejalashtirganmiz. Davlatimiz rahbari rejalarimizni eshitdi. Korxonaning ahamiyati haqida to‘xtalib, bu yerda uch smenada ish tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi. Asosiysi, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga alohida ahamiyat qaratishimizni qayd etdi. 

Prezidentimiz mazkur loyihani hayotga tatbiq etish yo‘lida hech qanday muammo, to‘siq va qiyinchiliklar bo‘lmasligini ta’kidlagani bizga yangi kuch bag‘ishladi. Kelajakda mahsulotlarimizni nafaqat yurtimiz bozorlarida, balki eksportga yo‘naltirib jahon to‘qimachilik sohasida o‘z brendimizga ega bo‘lmoqchimiz.