Bahor – bunyodkorlik fasli

Qahratonning zahri ketib, tabiat uyg‘onayotgan shu kunlarda quyosh nuri, iliq havo tanaga xush yoqadi. Shabada shiviri qalbimizda bahor sog‘inchini uyg‘otib yuboradi go‘yo. Shoiru hofizlar kuylagan, barchamiz intiqib kutgan Navro‘zi olam tashrifiga sanoqli kunlar qoldi. 

Navro‘z – eng qadimiy, asl milliy va eng ardoqli bayramimizdir. Ma’no-mazmuni va falsafasi bilan hayotimizga jo bo‘lgan Navro‘z yasharish va yangilanish pallasi, sharqona yangi yil debochasi, boqiy qadriyatlar ayyomidir. Ayni kunlarda butun yurtimizda Navro‘zi olamni ulkan shodiyonalar bilan kutib olishga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishi bilan mart-aprel oylari yurtimizda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyligi, deb e’lon qilindi. Unda har bir yurtdoshimiz faol ishtirok etish, mamlakatimiz obodligi va xalqimiz farovonligiga hissa qo‘shishga intiladi. Mahalla va turar joylar, muqaddas ziyoratgoh va tabarruk qadamjolar tartibga keltiriladi, ko‘cha va xiyobonlarga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqaziladi, turfa gullar ekiladi. Millati, tili, diniy e’tiqodidan qat’i nazar, diyorimizdagi barcha fuqarolar hamjihatlikda o‘tkazadigan bunday ezgu ishlar jamiyatimizdagi o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. 

Ko‘kalamzorlashtirish, yangi bog‘lar yaratish, yashil hududlarni kengaytirish bahorning eng muhim tadbirlaridan. Navro‘z ayyomida amalga oshirilayotgan bunday xayrli ishlar tufayli yurtimizda bog‘-rog‘lar tobora kengaymoqda, shaharu qishloqlarimizda so‘lim go‘shalar, xiyobonlar, istirohat bog‘lari barpo etilmoqda. 

Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududida obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari boshlab yuborilgan. Farg‘ona viloyati shahar va tumanlari, qishloq va mahallalarida ham hasharlar tashkil etilib, keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. 

– O‘zbekiston bahori obodlik, bunyodkorlik va yaratuvchanlikning, bir so‘z bilan aytganda, Vatanga muhabbatning eng oliy ko‘rinishidir, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova. – Bu ko‘rinish bir qarich yerni paypaslab rayhon urug‘ini qadayotgan momo, bir tup niholni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylayotgan, nabiralariga tabiatga mehr hikmatini uqtirayotgan bobo, ko‘klam yumushini uyg‘oq vijdon va qalb amri bilan ado etishga kirishgan fidoyilarning ezgu harakatida namoyon bo‘ladi. 

Keyingi yillarda Farg‘onada yuz bergan tarixiy o‘zgarishlar, obodonchilik-ko‘kalamzorlashtirish borasidagi sa’y-harakatlar zamirida ham el uchun yonib yashamoqni shart bilgan matonat sohiblarining mehnati mujassam. Viloyat markazida amalga oshirilayotgan obodlik tashabbuslari nafaqat atrof-muhit musaffoligi, balki tinchlik-farovonlik, o‘zaro mehr-oqibat, ko‘ngillar obodligini ta’min etmoqda. Shu kunlarda ko‘chat ekish, bog‘ va gulzor yaratishdek ezgu vazifa barchaning burchiga aylandi. 

O‘tgan yili Farg‘ona o‘rmon xo‘jaligi tomonidan 10 gektar maydonda 530 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilgan bo‘lsa, bu yil 12 gektar yerda 630 mingdan ziyod nihol parvarishiga kirishildi. O‘tgan yillar mobaynida xo‘jalik tomonidan yetkazib berilgan qrim sosnasi, mojjevelnik, kashtan, yapon soforasi, ipak akatsiyasi, lola daraxti Farg‘ona ko‘chalarida bo‘y cho‘zdi. Tabiatning mazkur galereyalarini saqlash va parvarishlashda shahar obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarining alohida xizmati bor. 

Shu kunlarda 1 ming 278 ishchi ko‘kalamzorlashtirish ishlariga safarbar etilgan. Shaharda 117 ming tup manzarali daraxt oqlanib, shakl berilmoqda. 513 ming kvadrat metr maysazor tozalandi, 50 ming kvadrat metr gulzor tuprog‘iga ishlov berildi. Boshqarma tasarrufidagi issiqxonalarda 5 turdagi 20 ming tup anvoyi gul, 500 ming tup rayhon ko‘chati parvarishlanmoqda. Hademay gulchilarning qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Farg‘ona gullar shahriga, chamanzorga aylanadi. Har kuni erta tongdan boshlab markaziy ko‘chalar, katta va kichik xalqa yo‘llarida, Alisher Navoiy, Al-Farg‘oniy, Aeroport prospektlarida saranjom-sarishtalik yumushlari boshlanadi. Hashar o‘tkaziladi. 

– Mahalla ahli ham obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etmoqda, – deydi “Nodirabegim” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mohira Mirzamahmudova. – Hududimizda 1 ming 220 oila bor. Ular o‘z xonadonlari, ko‘chalarini saranjom-sarishta qilmoqda, ko‘chat o‘tqazmoqda. Yolg‘iz keksalar, nuroniylar, ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinmoqda. 

Navro‘z bayrami oldidan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi tomonidan ham ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotir. “Hashar – yoshlarga yarashar”, “Yaxshidan bog‘ qolar”, “Yurtimni obod etaman” shiorlari ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar yoshlarni hamjihatlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda. 

Navro‘z tabiatni yangilaydi, yashartiradi. Uning udumlari inson ruhiyatini poklaydi. Bu bayram butun borliqni uyg‘otgani kabi inson ko‘ngliga ham quvonch bag‘ishlaydi, uni hayotga, yashashga ruhlantiradi. Dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan obod va farovon hayot barpo etish yo‘lida ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimizning qalbini yangi orzular bilan to‘ldiradi.