Harakatlar strategiyasi – taraqqiyot asosi

Buxoroda “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida amalga oshirishga oid Davlat dasturi bajarilishi ustidan keng jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda OAVning o‘rni” mavzucida seminar-trening o‘tkazildi. 

O‘zbekiston mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan tashkil etilgan seminarda Prezidentimizning 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirilishi belgilangan vazifalar ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda ommaviy axborot vositalarining o‘rnini yanada mustahkamlash, jurnalistlarning ushbu masalalarni yoritishga oid bilim va tajribasini oshirish alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan fuqarolar, davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlab xalq bilan muloqot samaradorligini yanada oshirish maqsadida Prezident, davlat boshqaruvi organlarining virtual qabulxonalari, Xalq qabulxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani yechimini kutayotgan muammolarni hal etishda, qabul qilinadigan huquqiy hujjatlarning xalqchilligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning borishini, aholi huquq va manfaatlari ta’minlanishini o‘rganayotgani xalq bilan muloqotning samarali usuli sifatida o‘zini oqlamoqda. Masalan, Buxoro viloyatining Shofirkon va Jondor tumanlarida amalga oshirilgan o‘rganishlar muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda parlament bilan mahalliy Kengashlar deputatlari hamkorligi mustahkamlanayotganini ko‘rsatdi. 

Seminarda jurnalistlarga viloyatda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Dasturga muvofiq, viloyatda qiymati 1,5 trillion so‘mlik 2 ming 216 loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu 19 ming ish o‘rni yaratish imkonini beradi. 

Tadbirda Harakatlar strategiyasi yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda jamoatchilik nazoratining o‘rni xususida fikr almashildi. Ommaviy axborot vositalarining bu boradagi muhim vazifasi fikrlar xilma-xilligi va fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi asosida axborotdan foydalanish imkoniyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishdan iborat. Mamlakatimizni siyosiy modernizatsiya qilish jarayonida ommaviy axborot vositalari jamiyat va davlat o‘rtasida muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda. 

– Harakatlar strategiyasi yo‘nalishlari mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish, ularda belgilangan vazifalar ijrosini to‘laqonli yoritish, kamchilik va muammolarga e’tiborni qaratgan holda tanqidiy materiallarga keng o‘rin berish, fuqarolarda islohotlarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish ommaviy axborot vositalarining doimiy diqqat markazida bo‘lishi kerak, – dedi viloyat hokimligi matbuot kotibi Akbar Rustamov. 

Tadbirda jurnalistlarning ijtimoiy va ijodiy faolligi, huquqiy bilimi, mahorati va malakasini oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.