Taraqqiyotga xizmat qiluvchi ixtirolar

Toshkentda eng yaxshi intellektual mulk obyekti – “Yangi intellekt” tanlovining joriy yilgi g‘oliblarini mukofotlash marosimiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

26-aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda agentlik mas’ullari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, olimlar, tadqiqotchilar qatnashdi. ​ 

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi bosh direktori A.Fayzullayev va boshqalar mamlakatimizda ilmiy-texnik ijodkorlikni rag‘batlantirish, innovatsiya faoliyatini rivojlantirish, intellektual mulkni huquqiy himoya qilish, ixtirochi yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. 

Bu borada Intellektual mulk agentligi tomonidan ixtirolar, sanoat namunalari, foydali modellar, tovar belgilari hamda intellektual mulkning boshqa obyektlarini himoya qilish, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, sohada xalqaro miqyosda O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilish kabi muhim vazifalarni amalga oshirib kelmoqda. 

Prezidentimizning 2016-yil 20-oktabrdagi "O‘zbekiston Respublikasining Intellektual mulk agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori sohadagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi. 

“Yangi intellekt – 2017” tanlovi eng yaxshi intellektual mulk obyektini aniqlash maqsadiga yo‘naltirilgan. Mazkur tanlov mamlakatimizning bu boradagi yutuqlari, imkoniyatlarini keng namoyish etish, iqtidorli yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, yangi texnologiyalar, tovarlar hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqishni yanada faollashtirish, sohaga investitsiya jalb etish, eksportga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalarni rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Keyingi uch yilda ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalari uchun patent olgan jismoniy hamda yuridik shaxslar, shuningdek, milliy dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchilardan 172 ariza tanlov komissiyasiga taqdim etildi. 

Tanlovning "Eng yaxshi ixtiro" nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘ringa Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti professorlari Rahmat Azimov va Yuriy Shipulin yaratgan "Suyuqlik va gazlar oqimi parametrlarining issiqlik o‘zgartirgichi" ixtirosi munosib topildi. 

– Taqdim etilgan mazkur ixtiro o‘lchash texnikasi sohasiga taalluqli bo‘lib, suyuqlik yoki gazlar parametrlarini yuqori sezgirlik va ishonchlilik bilan o‘lchash imkonini beradi, – deydi universitetning intellektual mulk bo‘limi boshlig‘i, dotsent Asatulla Turg‘unboyev. – Ushbu ixtiro asosida yaratilgan avtomatik ko‘p funksiyali titrometr "Suvsoz" davlat unitar korxonasida ishlab chiqarishga joriy qilingan. Ixtiro ichimlik suvining kimyoviy tarkibini aniq mexanizmlarda o‘lchash, oqova suvlar tahlili vaqtini qisqartirish, elektr energiyani tejash hisobiga mamlakatimiz iqtisodiyoti taraqqiyotiga xizmat qiladi. 

– Men tanlovda “Eng yaxshi EHM uchun yaratilgan dastur va ma’lumotlar bazasi” nominatsiyasi bo‘yicha ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim, – deydi yosh olim Hakimboy Yo‘ldoshev. – Taklif etgan yangi dasturim bolalarga ingliz tilini chuqur o‘rgatish, ularning so‘z boyligini oshirish, grammatika qoidalarini tushuntirishga xizmat qiladi. Dastur interaktiv o‘yin sifatida yaratilgan bo‘lib, u ingliz tilida eng ommabop bo‘lgan 2500 dan ortiq so‘zlarni yod oldirishga mo‘ljallangan. O‘quvchi ingliz tilini o‘rganish bilan birga aqlni charxlovchi, intellektual salohiyatni oshiruvchi o‘yinlardan ham bahramand bo‘ladi. 

Tanlovda “Eng yaxshi ixtiro”, “Eng yaxshi foydali model”, “Eng yaxshi sanoat namunasi” va “Eng yaxshi EHM uchun yaratilgan dastur va ma’lumotlar bazasi” yo‘nalishlarida g‘oliblar aniqlandi.