Ishlab chiqarish hajmi ortmoqda

Farg‘ona shahridagi “Fergana oseana textile” O‘zbekiston – Tailand qo‘shma korxonasi yiliga 3 ming 600 tonna ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda paxta tolasidan tayyorlanayotgan mahsulotlarning asosiy qismi eksportga yo‘naltirilmoqda. 

Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar jarayonida mahalliy va xorijiy sarmoyalarni jalb etish orqali ishlab chiqarishni kengaytirish, korxonalar eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farg‘ona viloyatida o‘tgan yili 194 milliard so‘mlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlar o‘zlashtirildi. Bu aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘layotir. 

Bugun yurtimizning chekka hududlarida ham xorijiy sarmoya ishtirokida korxonalar tashkil etilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turi kengaymoqda. 

Viloyatda xorijiy investitsiyalar ishtirokida 150 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli mahsulotlar xalqaro bozorda ham o‘z xaridoriga ega. O‘tgan yili ish boshlagan “Fergana oseana textile” O‘zbekiston – Tailand qo‘shma korxonasi ana shulardan biri. 

Mamlakatimizda bo‘sh turgan bino va inshootlar maqsadli foydalanish, investitsiya kiritish va yangi ish o‘rinlar yaratish sharti bilan tadbirkorlik subyektlariga bepul berilmoqda. “Quvasoyta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Farg‘onadavsuvmaxsuspudrat” davlat unitar korxonasiga qarashli bo‘sh turgan binoda 15 milliard so‘mlikdan ziyod qurilish-rekonstruksiya ishlari bajarilib, ko‘rkam va zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Tailand kompaniyasi bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan xorijdan 6 million yevrolik paxtani qayta ishlaydigan va ip-kalava ishlab chiqaradigan zamonaviy jihozlar keltirib o‘rnatildi. 

Qo‘shma korxona mahsulotlari Yevropa davlatlariga, Rossiya va Xitoyga eksport qilinmoqda. O‘tgan yili korxona tomonidan 2,5 million dollarlik eksport amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilning birinchi choragida bu ko‘rsatkich 1 million 200 ming dollardan oshdi. 

– Prezidentimiz rahnamoligida paxta tolasidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi qo‘shma korxona rahbari Alisher Ortiqov. – Biz ham ana shu maqsadda yangi loyihani amalga oshiryapmiz. Viloyat hokimligi ko‘magida Farg‘ona tumanining Log‘on qishlog‘i hududida 11 gektar yer ajratilib, “Bahodir Logon textil” korxonasi filial sifatida bunyod etilmoqda. Mazkur korxonaga eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy texnologiyalar olib kelish bo‘yicha 20 million dollarlik shartnomalar imzolandi. 

Hududiy investitsiya dasturi doirasida barpo etilayotgan korxonada kuniga 22 tonna tayyor mahsulot – ip-kalava ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. Yiliga 9 ming tonna paxtani qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladigan korxonada mahsulotlarni jahon andozalari darajasida sifatli bo‘yash, bichish-tikish, to‘quv sexlari ham quriladi. Yiliga 1 million juft paypoq va yumshoq sochiq ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. 

Jahon bozoriga sifatli, raqobatbardosh mahsulot yetkazib berish har qanday korxonaning istiqbolini ta’minlaydi. Mahsulotlarning eksport geografiyasini kengaytirish, qo‘shimcha 600 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradigan mazkur loyihani ro‘yobga chiqarish xarajati uchun 47 foiz chet el investitsiyasi kiritildi. “Quvasoyta’mirqurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari 80 foizga bajarilib, pardozlash-jihozlash ishlari jadal olib borilmoqda. Bu yerda asosan Farg‘ona tumanidagi kasb-hunar kollejlarini bitirgan yosh mutaxassislar mehnat qilishi ko‘zda tutilgan.