El ishonchini qozonish, xalqimizni rozi qilish asosiy burchimizdir

Bugun mamlakatimizda davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish, huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarni takomillashtirishga yo‘naltirilgan islohotlar yangi bosqichda davom etmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonida bu boradagi eng muhim vazifalar belgilab berildi. 

Farmonda tibbiyot tizimini takomillashtirishning ham muhim yo‘nalishlari o‘z ifodasini topgan. Davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan uchrashuvlarda, videoselektor yig‘ilishlarida, hududlarga uyushtirgan safarlari mobaynida ham bu masalalarga doimiy e’tibor qaratib, xalqimizning hayotdan rozi bo‘lishida tibbiy xizmat sifatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlamoqda. Zero, inson uchun o‘zining va yaqinlarining salomatligidan ortiq boylik yo‘q. 

Mamlakatimizda tibbiy-ijtimoiy sohada olib borilayotgan islohotlar ana shunday ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan. Tibbiyot tizimida qabul qilinayotgan dastur va loyihalar ushbu vazifalarning ijrosi yo‘lida muhim qadam bo‘lmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 4-apreldagi «2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham ana shunday muhim hujjatlardan biridir. 

Aytish joizki, mamlakatimizda aholiga onkologiya xizmati ko‘rsatish sohasida o‘ziga xos infratuzilma yaratilgan. Shifo muassasalarimizda xavfli o‘smalarga tashxis qo‘yish va davolashning zamonaviy usullari joriy etilgan. Bu kasallikning ilk bosqichlarida bemorlarni ikki barobar ko‘p aniqlash imkonini berayotir. Shuning bilan bir qatorda sohada o‘z yechimini kutayotgan vazifalar ham talaygina. 

Qarorda onkologiya xizmatini tubdan takomillashtirish, xavfli o‘sma kasalliklarining oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha xalqaro standartlar darajasidagi ixtisoslashtirilgan yuqori texnologik tibbiy yordamga bo‘lgan talabni qondirish, onkologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish, kadrlarning malakasini oshirish bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilandi. Ayni paytda bu chora-tadbirlarni o‘z vaqtida hayotga tatbiq etish yuzasidan izchil ish olib borilmoqda. 

Qarorga muvofiq shifo muassasamiz Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga aylantirildi. Hozirgi kunda markazimizda o‘ndan ziyod bo‘lim va zamonaviy diagnostika vositalari bilan jihozlangan maslahat tashxis poliklinikasi aholiga xizmat ko‘rsatayotir. 

Olimlarimiz va shifokorlar tomonidan amalga oshirilayotgan saratonni barvaqt aniqlash va samarali davolashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda. Jahon tibbiyotining dolzarb muammolariga bag‘ishlab olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijasida sut bezi, me’da, yo‘g‘on ichak, qovuq saratonini jarrohlik yo‘li bilan davolashda samarali natijalarga erishilmoqda. 

Bunday yangi texnologiyalarni hududlardagi muassasalar amaliyotiga joriy etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili shu maqsadda joylardagi onkologiya dispanserlarida ellikka yaqin mahorat darslari tashkil etildi. Viloyatlardagi dispanserlar markazimizning filialiga aylantirilgani bunday hamkorlik ishlarini yanada kengaytirish, mutaxassislarning malakasini oshirish, aholining o‘ziga yaqin hududda yuqori malakali, ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam olish imkoniyatini kengaytirishda muhim omil bo‘ldi. 

Tibbiyot uzluksiz yangilanayotgan sohadir. Ilm-fan va texnologiyalar kundan-kunga yuksalishi tufayli sohaga yangi-yangi uslub va vositalar kirib kelmoqda. Olimlarimiz ulardan oqilona foydalanish barobarida onkologiya rivojiga munosib ulush qo‘shmoqda. Markazimizda ayni paytda o‘nga yaqin davlat granti bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. Olimlar va yosh tadqiqotchilarning izlanishlari natijasida mahalliy xomashyodan xavfli o‘smalarni davolashda yuqori samaradorlikka ega preparatlar klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdi. Tibbiyot muassasamiz huzurida eksperimental onkologiya markazining tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsad bunday izlanishlarni yanada rivojlantirishdir. 

Yana bir yangilik markazimiz huzurida Saraton profilaktikasi markazi tashkil etilishidir. Xavfli o‘sma kasalliklarining kelib chiqishiga turtki bo‘ladigan asosiy sabablar haligacha fanga ma’lum emas. Dunyo olimlari bu muammoning yechimini topish, saratonga gen, molekulyar-biologik darajada tashxis qo‘yish uslublarini yaratish ustida izlanmoqda. Saraton profilaktikasi markazi faoliyatining asosiy yo‘nalishi ham kasallikning epidemiologiyasi va xavfli o‘smalar rivojlanishining molekulyar mexanizmi sohasida ilmiy tadqiqot olib borishdir. 

Bu chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqaro hamkorlik muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda dunyodagi o‘ndan ko‘proq mamlakatlardagi onkologiya sohasiga ixtisoslashgan ilm-fan muassasalari va klinikalar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Yaqinda Rossiya onkologiya ilmiy markazi bilan ilm-fan va tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha memorandum imzolandi. Kuni-kecha bir guruh olimlar va yosh tadqiqotchilar bilan birga Hindiston safaridan qaytdik. Albatta, bunday tashriflardan maqsad ilmiy-amaliy loyihalarni yanada kengaytirish, onkologiya sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishdir. 

Hozirgi kunda butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham onkologik kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi yurak-qon tomir kasalliklaridan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Buning sababi xastalikning kechikib aniqlanishidir. Shu bois bu muammoga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy etish doimiy e’tiborda. 

Bugungi kunda butun dunyoda bu borada skrining dasturlari orqali saraton oldi kasalliklarini aniqlash va xavfli o‘smalarning oldini olishda katta yutuqlarga erishilmoqda. Masalan, Yevropa mamlakatlarida ayollarning reproduktiv a’zolarida uchraydigan saraton oldi kasalliklarining oldini olish maqsadida diagnostika ishlari yuqori samara bermoqda. Yaponiyada oshqozon va ichak saratonining oldini olish bo‘yicha skrining dasturlari tufayli o‘ziga xos natijalarga erishilmoqda. 

Mamlakatimizda ham bunday ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Ayollar reproduktiv a’zolari saratonini aniqlash bo‘yicha skrining dasturlari tufayli ko‘plab ayollar sog‘lom hayotga qaytarilmoqda. Qarorda bunday loyihalarni kengaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilangan. Farg‘ona viloyatida qizilo‘ngach, me’da va kolorektal a’zolar saratonining oldini olish bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Skrining tadbirlarini kuchaytirish maqsadida viloyatlardagi onkologiya dispanserlari faoliyatida xavfli o‘smalarga barvaqt tashxis qo‘yishning molekulyar-biologik, genetik, endoskopik va nur usullari joriy etiladi. 

Onkologiya muassasalari saraton kasalliklarini davolashda qo‘llaniladigan endoskopik va radioterapevtik apparatlar bilan ta’minlanadi. Jumladan, «Da Vinchi» robotlashtirilgan jarrohlik kompleksi va gamma tig‘ singari noyob uskunalar yetkazib beriladi. 

Qarorda palliativ yordam xizmatini yo‘lga qo‘yish va xospislar tashkil etish borasida ham aniq vazifalar belgilangan. Aytish kerakki, bugungi kungacha mamlakatimizda saratonga chalingan bemorlarga kasallikning oxirgi bosqichlarida uy sharoitida tuman onkologlari va boshqa mahalliy shifokorlar tomonidan tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Viloyat onkologiya dispanserlarida palliativ yordam berish bo‘yicha bo‘limlar tashkil etilishi, mintaqalararo xospislar ochilishi bemorlarning hayot sifati yaxshilanishida prinsipial jihatdan muhim yondashuv bo‘ldi. 

Umuman olganda, 2017-2021-yillarda aholiga onkologik yordam berishni yanada rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirishga davlat byudjetidan 32,5 milliard so‘m, xalqaro moliya institutlarining 144,1 million dollarlik kreditlari va grantlari yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Buning natijasida onkologiya muassasalarining dori-darmon bilan ta’minlanishi 33 foizdan 90 foizga yetadi, profilaktika, diagnostika, davolash ishlari kengayadi. 

Albatta, bu borada ko‘zlangan yuksak natijalarga erishish uchun biz, tibbiyot xodimlari zimmamizga yuklangan vazifalarni vijdonan, halol bajarishimiz, fidoyilikni faoliyatimizning asosiy mezoniga aylantirishimiz lozim. Shunda xalqimizni tibbiy xizmatdan rozi qilishga erishamiz.