«O'ZSTANDART» agentligi

O'zbekiston standartlashtirish, metrologiya
va sertifikatlashtirish agentligi

FUQAROLARNING  MUROJAATLARI

Fuqarolarning murojaati



I. UMUMIY QOIDALAR

1. O’zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (keyingi o’rinlarda "O’zstandart" agentligi deb ataladi) texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi vazifalarni hal qilish uchun maxsus vakolat berilgan O’zbekiston Respublikasining davlat boshqaruv organi hisoblanadi. (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

"O’zstandart" agentligi O’zbekiston Respublikasining standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish bo’yicha milliy organi hisoblanadi hamda o’z faoliyati to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.

2. "O’zstandart" agentligi tizimiga quyidagilar kiradi:

hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari;

Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi hamda uning hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari:

Metrologiya xizmatlari ko’rsatish markazi;

Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti;

Milliy etalonlar markazi;

Shtrixli kodlashtirish markazi;

Axborot-ma’lumotlar markazi.

Hududiy boshqarmalar ikki tomonlama bo’ysunadilar hamda Agentlikka va tegishli mahalliy davlat hokimiyati organiga hisob beradilar.

3. "O’zstandart" agentligi o’z faoliyatida O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlariga va boshqa qonun hujjatlariga, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

4. "O’zstandart" agentligi o’z faoliyatini davlat boshqaruvi boshqa organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar bilan o’zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

5. "O’zstandart" agentligi, uning hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti, Milliy etalonlar markazi faoliyatini moliyalashtirish "O’zstandart" agentligiga ajratiladigan mablag’lar doirasida davlat byudjeti mablag’lari hamda amaldagi qonun hujjatlariga zid bo’lmagan boshqa manbalar va mablag’lar hisobiga amalga oshiriladi.

6. "O’zstandart" agentligi, uning hududiy boshqarmalari, mazkur Nizomning 2-bandida ko’rsatilgan unga qarashli boshqa tashkilotlar yuridik shaxs hisoblanadilar, O’zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o’z nomi yozilgan muhrga, bank muassasalarida hisob-kitob va boshqa hisob raqamlariga ega bo’ladilar.

II. "O’ZSTANDART" AGENTLIGINING ASOSIY VAZIFALARI VA FUNKSIYALARI

7. Quyidagilar "O’zstandart" agentligining asosiy vazifalari hisoblanadi:

“Texnik jihatdan tartibga solish to’g’risida”, "Standartlashtirish to’g’risida", "Metrologiya to’g’risida", "Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasining qonunlari amalda ro’yobga chiqarilishini ta’minlash; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, xalqaro standartlarni, shu jumladan sifatni boshqarish tizimi bo’yicha xalqaro standartlarni qo’llash asosida mahsulotlar sifatini va ularning raqobatbardoshliligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

standartlashtirish, o’lchovlar yagonaligi, sertifikatlashtirish tizimlari faoliyat ko’rsatishini va rivojlantirilishini, ushbu sohalardagi ilmiy-texnika axborotini akkreditatsiya qilish va tarqatishni, shuningdek ularning xalqaro, davlatlararo tizimlar va xorijiy mamlakatlarning milliy tizimlari bilan uyg’unlashtirilishini ta’minlash;

mahsulotlar, ishlar va xizmatlar xavfsizligi va sifati, o’lchovlar ishonchsiz natijalarining salbiy oqibatlaridan muhofaza qilish talablariga rioya etilishi yuzasidan iste’molchilar huquqlari himoya qilinishini ta’minlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;

standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish.

8. "O’zstandart" agentligi o’ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:

a) “Texnik jihatdan tartibga solish to’g’risida”, "Standartlashtirish to’g’risida", "Metrologiya to’g’risida", "Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to’g’risida"gi O’zbekiston Respublikasining qonunlari hamda standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish sohasidagi boshqa qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlarning amalda ro’yobga chiqarilishini ta’minlash borasida: (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi vakolatli davlat organlari hamda davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari tomonidan kiritilgan texnik reglamentlarni ishlab chiqish dasturi loyihalari bo’yicha umumlashgan takliflar kiritadi;(O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

o’z vakolati doirasida, davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining umumiy va maxsus reglamentlarni ishlab chiqish bo’yicha faoliyatini muvofiqlashtiradi va tashkil etadi; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumiy texnik reglamentlarni tasdiqlash, ularga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish, shuningdek ushbu reglamentlarni bekor qilish to’g’risida takliflar kiritadi; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

o’z vakolati doirasida umumiy va maxsus texnik reglamentlarga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

texnik jihatdan tartibga solish sohasida normativ hujjatlar davlat fondini shakllantiradi; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq ikkinchi-oltinchi xatboshilari yettinchi-o’n birinchi xatboshilar deb hisoblansin

mahsulotlarga va ularga o’zgartirishlarga standartlarni, shuningdek standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish bo’yicha normalar va qoidalarni davlat ro’yxatidan o’tkazadi;(O’zR VM 03.03.2014 y. 45-son Qarori tahriridagi xatboshi)

bir turdagi mahsulotlar uchun normativ hujjatlarni ishlab chiqish bo’yicha tarmoq tuzilmalarini tashkil etishga ko’maklashadi, ularga ilmiy-metodik rahbarlikni ta’minlaydi;

sertifikatlashtirish va yuklash-tushirishdan oldin inspeksiya o’tkazish sohasidagi yuridik shaxslarni belgilangan tartibda akkreditatsiya qiladi, yuridik va jismoniy shaxslarning sinov, o’lchov, tahliliy, kalibrlash va tekshirish laboratoriyalarini attestatsiyadan o’tkazadi va akkreditatsiya qiladi;

O’zR VM 01.11.2012 y. 313-son Qaroriga muvofiq o’ninchi xatboshi chiqarib tashlangan

O’lchov vositalarini tayyorlash, realizatsiya qilish va prokatga berish bo’yicha faoliyatni belgilangan tartibda litsenziyalaydi, litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi ustidan nazorat qiladi, shuningdek litsenziyalar reyestrini yuritadi; (O’zR VM 22.05.2006 y. 92-son Qarori tahriridagi xatboshi)

O’zR VM 01.11.2012 y. 313-son Qaroriga muvofiq o’n birinchi xatboshi o’ninchi xatboshi deb hisoblansin

xalqaro va davlatlararo ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantiradi;

O’zbekiston Respublikasi ishtirokidagi shartnomalar yoki bitimlarga muvofiq xalqaro (davlatlararo, mintaqaviy) standartlarni, xorijiy mamlakatlarning milliy standartlarini qo’llanish to’g’risida qaror qabul qiladi; (O’zR VM 03.03.2014 y. 45-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

b) standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, xalqaro standartlarni, shu jumladan sifatni boshqarish tizimi bo’yicha xalqaro standartlarni qo’llash asosida mahsulotlar sifatini va raqobatbardoshliligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida:

standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiya qilish va mahsulotlar sifatini boshqarish tizimini joriy joriy etish masalalari bo’yicha davlat va xo’jalik boshqaruvi organlariga o’z vakolatlari doirasida rahbarlik qiladi va ular faoliyatini muvofiqlashtiradi;

yangi qonun hujjatlarini ishlab chiqish va amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;

ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi;

standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirish bo’yicha asosiy yo’nalishlarni, konsepsiyalarni, istiqbolli dasturlarni ishlab chiqadi;

O’zbekiston Respublikasining milliy etalon bazasini shakllantiradi va rivojlantiradi, milliy etalonlarni xalqaro etalonlar bilan solishtiradi;

faoliyat yo’nalishlari bo’yicha davlat yoki xo’jalik boshqaruvi organlari huzurida tashkil etiladigan Standartlashtirish bo’yicha tarmoq texnika qo’mitasi to’g’risidagi nizomni hamda uning ishlarini tashkil etish Reglamentini tasdiqlaydi, ularga muvofiq standartlashtirish bo’yicha tarmoq texnika qo’mitalari tomonidan, amaldagi standartlardagi talablar darajasidan past bo’lmagan yangi talablar joriy etilishini ta’minlash shartlariga rioya etgan holda, O’zbekiston Respublikasi davlat standartlari va tashkilotlar standartlari ishlab chiqiladi; (O’zR VM 03.03.2014 y. 45-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

davlat va xo’jalik boshqaruvi organlarining, standartlashtirish bo’yicha tarmoq texnika qo’mitalarining, tashkilotlar va xususiy tadbirkorlarning takliflarini hisobga olgan holda, davlat boshqaruvi organlari, standartlashtirish bo’yicha texnika qo’mitalari tomonidan O’zbekiston Respublikasi davlat standartlarini, tashkilotlar standartlarini ishlab chiqish va qayta ko’rib chiqishning har yilgi jadvalini tasdiqlaydi; (O’zR VM 03.03.2014 y. 45-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

amaldagi standartlarni, maxsus texnik reglamentlarni qayta ko’rib chiqadi hamda mahsulotlarning raqobatbardoshliligini va sifatini ta’minlamaydigan, shuningdek qonunchilik talablariga zid bo’lgan standartlarning, maxsus texnik reglamentlarni bekor qilish, amal qilishini cheklash to’g’risida davlat yoki xo’jalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar va xususiy tadbirkorlar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlar qabul qiladi; (O’zR VM 03.03.2014 y. 45-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

v) standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish tizimlari faoliyat ko’rsatishini va rivojlantirilishini, ushbu sohalardagi ilmiy-texnika axborotini akkreditatsiya qilish va tarqatishni, shuningdek ularning xalqaro, davlatlararo va xorijiy mamlakatlarning milliy tizimlari bilan uyg’unlashtirilishini ta’minlash borasida:

respublikada ishlab chiqariladigan va import bo’yicha olib kelinayotgan mahsulotlarni sertifikatlashtirish, chet mamlakatlarning sertifikatlashtirish bo’yicha ishlari natijalarini e’tirof etish ishlarini tashkil etadi;

o’z vakolatlari doirasida standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akrreditatsiya qilish sohasida normativ hujjatlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va ro’yxatdan o’tkazadi;

shtrixli kodlashtirishni joriy etish siyosatini amalga oshiradi va O’zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilayotgan tovarlarning Davlat reyestrini yuritadi;

manfaatdor shaxslarni mahsulotlarni, sinov va o’lchov usullarini standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish bo’yicha normativ hujjatlar bilan ta’minlaydi, shuningdek mazkur sohalardagi yutuqlarning ilmiy-texnik targ’ibotini amalga oshiradi;

o’ziga berilgan vakolatlar doirasida xalqaro, davlatlararo va milliy normativ hujjatlar bo’yicha ma’lumotlarning yagona axborot bazasini yaratadi;

standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiya qilish va o’lchovlar yagonaligini ta’minlash ishlarini amalga oshirishning umumiy qoidalarini belgilaydi;

majburiy tartibda sertifikatlanadigan mahsulotlar ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi;

etalonlarni saqlaydi, qo’llaydi hamda o’lchamlar miqdorlarini beradi;

sertifikatlangan mahsulotlar, sifat tizimlari, o’lchov vositalarining va o’lchovlarni amalga oshirish metodikasining, akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlarining, sinov (o’lchov) laboratoriyalarining, sifat bo’yicha ekspert-auditorlarning davlat reyestrlarini yuritadi;

g) kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etish borasida standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasidagi ilmiy va muhandis-texnik kadrlarni o’qitishni amalga oshiradi;

d) mahsulotlar, ishlar, xizmatlar xavfsizligi va sifati, o’lchovlar ishonchsiz natijalarining salbiy oqibatlaridan muhofaza qilish talablariga rioya etilishi yuzasidan iste’molchilar huquqlari himoya qilinishini ta’minlash borasida:

o’z vakolatlari doirasida mahsulot sifati va xavfsizligi bo’yicha majburiy talablarni belgilaydi hamda ushbu talablarga rioya etilishini nazorat qiladi;

standartlarga rioya qilish, o’lchovlar va sertifikatlash qoidalarining yagonaligini ta’minlash masalalari bo’yicha nazorat organlari bilan o’zaro hamkorlik qiladi;

normativ hujjatlar talablariga rioya etilishini, o’lchovlarning yagonaligi va ishonchliligi, majburiy sertifikatlashtirish qoidalari ta’minlanishini tashkil etadi va bu borada davlat nazoratini amalga oshiradi;

davlat metrologiya nazoratini amalga oshiradi.

9. "O’zstandart" agentligi o’ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bevosita, shuningdek o’z hududiy boshqarmalari, o’ziga qarashli organlar va muassasalar orqali amalga oshiradi.

III. "O’ZSTANDART" AGENTLIGINING HUQUQLARI VA JAVOBGARLIGI

10. "O’zstandart" agentligi o’ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

standartlashtirish, metrologiya, sinash va sertifikatlashtirish masalalarini hal etish uchun davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, tashkilotlar mutaxassislarini belgilangan tartibda jalb etish;

qonun hujjatlari va normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda kiritish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish hamda mahsulotlar sifatini boshqarish masalalari bo’yicha qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ko’rib chiqish hamda ular yuzasidan xulosalar berish;

texnik jihatdan tartibga solish sohasida ekspert komissiyani tashkil etish; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

o’z vakolati doirasida davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan umumiy va maxsus texnik reglamentlarni ekspertiza qilish; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

o’z vakolati doirasida davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilgan maxsus texnik reglamentlarni tasdiqlash, ularga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish, shuningdek ushbu reglamentlarni bekor qilish; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq kiritilgan xatboshi)

O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qaroriga muvofiq to’rtinchi-o’n sakkizinchi xatboshilari yettinchi-yigirma birinchi xatboshilar deb hisoblansin

respublika davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, korxonalar va tashkilotlardan "O’zstandart" agentligiga yuklangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo’lgan ma’lumotlar va materiallarni belgilangan tartibda olish;

Idoralararo kengashda davlat boshqaruv organlari, xo’jalik birlashmalari, korxonalar va tashkilotlar, shuningdek O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan xorijiy sheriklar bilan birgalikdagi korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining standartlashtirish, metrologiya, mahsulotlarni sinash va sertifikatlashtirish masalalari bo’yicha axborotlarini tinglash;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda standartlashtirish bo’yicha tarmoq va tarmoqlararo texnika qo’mitalari tashkil etishda qatnashish;

davlat nazorati natijalarini tahlil qilish asosida mahsulotlar sifati va raqobatbardoshliligini oshirish hamda sifat tizimlarini takomillashtirish yuzasidan tavsiyalar kiritish;

standartlashtirish, metrologiya, respublika iqtisodiyoti uchun alohida ahamiyatga ega bo’lgan mahsulotlarni sinash va sertifikatlashtirish muammolarini ko’rib chiqish bo’yicha vaqtinchalik ilmiy-texnika komissiyalari tuzish;

nazorat qilinayotgan mahsulotlar ko’rsatkichlarining belgilangan talablarga muvofiqligini tekshirish maqsadida sotish va saqlash korxonalarida nazorat xaridini o’tkazish yo’li bilan oziq-ovqat mahsulotlari sifatining davlat nazoratini amalga oshirish;

Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirish maxsus jamg’armasi mablag’laridan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan Maxsus jamg’armani shakllantirish va undan foydalanish tartibi to’g’risidagi nizomga muvofiq standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirishni rivojlantirish uchun foydalanish;

standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish qoidalari buzilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlik choralarini qo’llash;

mahsulotning raqobatbardoshliligini va sifatini ta’minlamaydigan hamda amaldagi qonun hujjatlariga zid bo’lgan normativ hujjatlarni bekor qilish, ularning amal qilish muddatini cheklash yoki qayta ko’rib chiqish to’g’risida bajarilishi majburiy bo’lgan qarorlarni belgilangan tartibda qabul qilish;

huquqiy ta’sir ko’rsatish chorasi sifatida akkreditatsiya qilish va attestatsiyadan o’tkazish to’g’risidagi guvohnomalarning amal qilishini o’n ish kunidan ortiq bo’lmagan muddatga to’xtatib qo’yish, ko’rsatib o’tilgan guvohnomalarni bekor qilish yoki o’n ish kunidan ortiq muddatga to’xtatib qo’yish to’g’risida sudga murojaat qilish; (O’zR VM 10.11.2006 y. 235-son Qarori tahriridagi xatboshi),

sertifikatlashtirish bo’yicha akkreditatsiya qilingan organlar, yuklab jo’natishdan oldingi inspeksiya organlari, sinov, o’lchash, tekshirish va kalibrlash laboratoriyalari faoliyati ustidan o’z vakolatlari doirasida inspeksiya nazorati o’tkazish;

noshirlik faoliyatini amalga oshirish;

standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish sohasida xalqaro loyihalar va dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda qatnashish;

standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiya qilish bo’yicha xalqaro va davlatlararo tashkilotlarda O’zbekiston Respublikasi nomidan vakillik qilish;

"O’zstandart" agentligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

11. "O’zstandart" agentligi belgilangan tartibda o’z vakolati doirasida vazirliklar, davlat qo’mitalari, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilishga haqlidir.

"O’zstandart" agentligi, zarur hollarda, belgilangan tartibda boshqa vazirliklar, davlat qo’mitalari va idoralar bilan qo’shma qarorlar va boshqa hujjatlar chiqarishga haqlidir.

12. "O’zstandart" agentligi o’ziga yuklangan vazifalarning samarali bajarilishi uchun javob beradi.

IV. "O’ZSTANDART" AGENTLIGI FAOLIYATINI TASHKIL ETISH

13. "O’zstandart" agentligini maqomiga ko’ra vazirning birinchi o’rinbosariga tenglashtiriladigan Bosh direktor boshqaradi.

Bosh direktorning bir nafar o’rinbosari bo’ladi. Bosh direktorning o’rinbosari maqomiga ko’ra vazir o’rinbosariga tenglashtiriladi. (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

"O’zstandart" agentligining bosh direktori O’zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. "O’zstandart" agentligi bosh direktorining o’rinbosari belgilangan tartibda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

14. Bosh direktor va Bosh direktor o’rinbosari ayni bir vaqtda lavozimiga ko’ra tegishli ravishda Standartlar va o’lchovlarning yagonaligi ta’minlanishini nazorat qilish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi davlat bosh inspektori va davlat bosh inspektorining o’rinbosari hisoblanadi.(O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi band)

15. "O’zstandart" agentligi Bosh direktori:

"O’zstandart" agentligi faoliyatiga yakkaboshilik asosida umumiy rahbarlik qiladi;

"O’zstandart" agentligi vakolatiga kiruvchi masalalar bo’yicha qarorlar qabul qiladi va "O’zstandart" agentligiga yuklangan vazifalar va funksiyalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

o’z o’rinbosari vakolatini belgilaydi, "O’zstandart" agentligi tizimi boshqa mansabdor shaxslari vakolatlarini, o’z o’rinbosari va boshqa mansabdor shaxslarning "O’zstandart" agentligi faoliyatining ayrim uchastkalariga rahbarlik qilish va Agentlikka qarashli organlar va muassasalarning ishi uchun javobgarligi darajasini belgilaydi; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

"O’zstandart" agentligi tizimi xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy bo’lgan buyruqlar, farmoyishlar, yo’riqnomalar chiqaradi va ko’rsatmalar beradi;

xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida "O’zstandart" agentligi markaziy apparati, shuningdek Agentlikka qarashli organlar va muassasalar shtatlar jadvalini hamda xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

"O’zstandart" agentligining tarkibiy va hududiy bo’linmalari, shuningdek "O’zstandart" agentligi tizimiga kiruvchi boshqa idoraviy mansub organlar va muassasalar to’g’risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

"O’zstandart" agentligi markaziy apparati xodimlarini, hududiy boshqarmalar rahbarlarini, O’zstandart" agentligi tizimiga kiruvchi boshqa idoraviy mansub organlar va muassasalar rahbarlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi;

texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, akkreditatsiya qilish, sifat va davlat nazorati bo’yicha organlar bilan hamkorlik masalalari yuzasidan idoralararo tusdagi xalqaro, davlatlararo shartnomalarni belgilangan tartibda imzolaydi; (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

Bosh direktor qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

16. "O’zstandart" agentligida Bosh direktor (hay’at raisi), uning o’rinbosari (lavozimiga ko’ra), shuningdek "O’zstandart" agentligi faoliyatining asosiy yo’nalishlarini muvofiqlashtiruvchi tarkibiy bo’linmalari rahbarlaridan iborat tarkibda hay’at tashkil etiladi. (O’zR VM 28.04.2011 y. 122-son Qarori tahriridagi xatboshi)

Hay’atning a’zolari soni va shaxsiy tarkibi Bosh direktorning taqdimnomasiga binoan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Hay’at quyidagilar bilan bog’liq masalalarni ko’rib chiqadi:

Agentlik faoliyatining standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish, xalqaro standartlarni, shu jumladan, sifatni boshqarish tizimi bo’yicha xalqaro standartlarni qo’llash asosida mahsulotlar sifatini va ularning raqobatbardoshliligini oshirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirishni davom ettirish, shuningdek standartlashtirish tizimlari faoliyat ko’rsatishini va rivojlantirilishini, o’lchovlar, sertifikatlashtirishning, ushbu sohalardagi ilmiy-texnika axborotini akkreditatsiya qilish va tarqatishning yagonaligini, shuningdek ularning xalqaro, davlatlararo va xorijiy mamlakatlarning milliy tizimlari bilan uyg’unlashtirilishini ta’minlash bo’yicha ushbu Nizomda belgilangan asosiy yo’nalishlarini tayyorlash va amalga oshirish;

"O’zstandart" agentligi nomenklaturasiga kiradigan lavozimlarga kadrlarni tanlash, joy-joyiga qo’yish, tayyorlash va qayta tayyorlash;

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo’yicha ijro intizomini mustahkamlash, ularning o’z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash uchun "O’zstandart" agentligi rahbarlari va xodimlarining shaxsiy javobgarligini oshirish.

Hay’at "O’zstandart" agentligi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko’rib chiqish huquqiga ega.

Hay’at majlisiga "O’zstandart" agentligi vakolatiga kiradigan masalalar bo’yicha boshqa vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar rahbarlari taklif etilishi mumkin.

Hay’at uning majlisida tarkibining yarmidan ko’pi qatnashgan taqdirda vakolatli bo’ladi. Ko’rib chiqilayotgan masalalar bo’yicha qarorlar oddiy ko’pchilik ovoz bilan qabul qilinadi.

Hay’at qarorlari bosh direktorning buyruqlari bilan amalga oshiriladi. Bosh direktor va hay’at a’zolari o’rtasida kelishmovchiliklar mavjud bo’lgan taqdirda bosh direktor paydo bo’lgan kelishmovchiliklar to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga axborot bergan holda mustaqil ravishda qaror qabul qiladi. Hay’at a’zolari ham o’z fikr-mulohazalarini O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xabar qilishlari mumkin.

Hay’at faoliyati tartibi uning hay’at tasdiqlaydigan reglamentida belgilanadi. (O’zR VM 05.06.2010 y. 108-son Qarori tahriridagi band)

17. Hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari o’z faoliyatini Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda "O’zstandart" agentligi tomonidan tasdiqlanadigan nizomlarga muvofiq amalga oshiradi.

Hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari boshliqlari Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan kelishgan holda "O’zstandart" agentligi bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

"O’zstandart" agentligining Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy standartlashtirish va metrologiya boshqarmalari boshliqlari lavozimiga ko’ra ayni bir vaqtda tegishli ravishda Qoraqalpog’iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida standartlar va o’lchovlar yagonaligi ta’minlanishi ustidan nazorat bo’yicha davlat bosh inspektorlari hisoblanadilar.

18. "O’zstandart" agentligi va uning hududiy boshqarmalari hamda bo’limlarining zimmasiga davlat nazoratini amalga oshirish yuklangan boshliqlari, ularning o’rinbosarlari, mutaxassislari lavozimiga ko’ra ayni bir vaqtda standartlar va o’lchovlar yagonaligi ta’minlanishi ustidan nazorat bo’yicha davlat inspektorlari hisoblanadilar.

19. Standartlar va o’lchovlar yagonaligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar "O’zstandart" agentligi tomonidan belgilangan tartibda attestatsiyadan o’tkazilishi kerak.

V. "O’ZSTANDART" AGENTLIGI FAOLIYATINI TO’XTATISH

20. "O’zstandart" agentligini qayta tashkil etish va tugatish O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

"O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami", 2004 yil, 31-son, 357-modda.