Samarqandda viloyat tadbirkorlari va Xitoy Xalq Respublikasining Guanchjou shahridagi “Canton Fair” yarmarkasi tashkilotchilari o‘rtasida teleko‘prik shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

 

 

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, Xalqaro biznes va texnologiyalar uyushmasi, O‘zbekiston-Xitoy savdo uyi, Xitoy tashqi savdo markazi vakillari va 250 dan ortiq ishlab chiqaruvchilar, tadbirkorlar ishtirok etgan tadbirda mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar yil sayin rivojlanib, hamkorlik ko‘lami kengayib borayotgani alohida ta’kidlandi. 

2013-yilda Samarqand viloyati va Shensi provinsiyasi o‘rtasida birodarlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani tadbirkorlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratdi. Bugungi kunda viloyatda Xitoy kapitali ishtirokida 40 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Hududlar ishbilarmonlarining hamkorlikda biznes forumlar o‘tkazishi muntazamlik kasb etgan. 2016-yilda Samarqandda “O‘zbekiston-Xitoy biznes forumi va kooperatsion birjasi” bo‘lib o‘tgan edi. Bu gal tadbirkorlar telemuloqot orqali hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. 

Bahor va kuz fasllarida bo‘lib o‘tadigan "Canton Fair" yarmarkasi jahon miqyosida ham yirik ko‘rgazmalardan hisoblanadi. Uch bosqichda o‘tkaziladigan ko‘rgazmada mashina va maxsus uskunalar, ehtiyot qismlar, qurilish va tayyorlov materiallari, keramika, oyna, metall, mebellar, tibbiyot jihozlari, maishiy texnikalar, tekstil va furnitura mahsulotlari namoyish etiladi. Joriy yil bahorgi yarmarkada yurtimizdan 1100 ga yaqin tadbirkor ishtirok etdi. Samarqanddan borgan 60 dan ortiq ishbilarmon o‘z mahsulotlarini namoyish etish bilan birga, turli sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha xitoylik ishbilarmonlar bilan shartnomalar imzolagan edi. Yarmarkada taklif etilayotgan arzon va sifatli, ixcham va tejamkor texnologiyalarni “O‘zbekiston-Xitoy savdo uyi” orqali yurtimizga olib kelishda bir qator imtiyoz va yengilliklar berilayotgani tadbirkorlarga ko‘plab qulayliklar yaratmoqda. 

– O‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdormiz, – deydi yarmarka tashkilotchilaridan biri Xan Sibau. – Shuning uchun yarmarkada yurtingizdagi ishbilarmonlar o‘z mahsulotlarini ko‘proq namoyish etishlarini istaymiz. Yarmarka pavilyonlari Xitoyning eng yirik ko‘rgazmalari o‘tadigan qismida joylashgan va unda mahalliy hamda xorijiy davlatlarning yirik kompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar namoyish etiladi. Hamkorligimiz samarasida yurtingizdan tashrif buyuradigan ishtirokchilar yanada ko‘payadi. 

Telemuloqotda Xitoy Xalq Respublikasi Xenan provinsiyasi delegatsiyasining joriy yil 12-14-iyul kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida ichki va xalqaro turizm, sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan 10 dan ortiq loyihani amalga oshirish, bu borada belgilangan chora-tadbirlar ijrosi ham muhokama qilindi.

 

 O‘zA