O‘tayotgan shukuhli damlar barchamizni muborak bayramlar sari yetaklamoqda. Shu munosabat bilan yurtimizning barcha joylarida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Istiqlol bayrami munosabati bilan “O‘zstandart” agentligida ham ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Uchrashuvga O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi siyosiy sharhlovchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qobilbek Karimbekov taklif etildi.
Ma’naviy uchrashuvda mamlakatimizdagi tinchlik-xotirjamlikni asrab-avaylash,ogohlikka da’vat, farzandlar tarbiyasida hushyorlikni oshirish kabi mulohazalar o‘rtaga tashlandi.
Hech kimga sir emas, bugungi kunda dunyoning ayrim mamlakatlarida sodir bo‘layotgan terrorchilik harakatlari, unda begunoh odamlarning qoni to‘kilayotgani, yosh bolalarning bir parcha nonga muhtoj bo‘lib kun kechirayotgani, siyosiy sharhlovchi tomonidan alohida misollar yordamida tilga olindi.
Albatta, bunday ko‘ngilsiz voqealar bizdan ancha olisda sodir bo‘lmoqda. Lekin bu holat bizni xotirjamlikka berilmasdan jonajon Vatanimizning har bir qarich tuprog‘ini ko‘zlarimizga to‘tiyo aylashga, befarq bo‘lmasdan yurtimizning ertangi porloq kelajagi uchun fidoiylik bilan yashash va mehnat qilishga undashi ma’rifiy uchrashuvda e’tirof etildi.