Energetika tizimining ishonchli faoliyat ko‘rsatishi hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilash, yangi tarmoqlar tashkil etish, ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksiz va barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Mamlakatimizda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, zamonaviy, tejamkor texnologiyalar joriy etilayotgani energetika tizimi rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Buni “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin. Korxonaning eski energoqurilmalari o‘rnini ixcham va tejamkor zamonaviy texnologiyalarga asoslangan bug‘-gaz qurilmalari egalladi. 

– Bug‘-gaz stansiyasi barpo etilishi viloyatdagi iqtisodiyot tarmoqlarining jadal rivojlanishida muhim omil bo‘layotir, – deydi “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” AJ bug‘-gaz qurilmasi sexi yetakchi muhandis-texnologi A.Musayev. – Xususan, elektr stansiyasida 2009-2012 yillarda quvvati 478 megavatt bo‘lgan zamonaviy bug‘-gaz qurilmasi loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Eski stansiyada 1 kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish uchun o‘rtacha 360-400 gramm shartli yoqilg‘i sarflangan bo‘lsa, zamonaviy bug‘-gaz qurilmasida bu ko‘rsatkich 220-235 grammni tashkil etmoqda. Buning natijasida yiliga 500 million metr kub tabiiy gaz yoqilg‘isi iqtisod qilinmoqda. 

2 mingga yaqin ishchi mehnat qilayotgan korxonada quvvatlarni rekonstruksiya qilishga ham alohida e’tibor qaratilayotir. Stansiyaning har biri 210 megavatt quvvatli 11- va 12-energobloklarining aylanma suv sovutish tizimidagi muammolar bartaraf etildi. Bu yiliga bir necha million kVt.soat qo‘shimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. 

Korxonada ayni paytda 450 megavatt quvvatdagi yangi stansiya barpo etish ishlari avjida. Umumiy qiymati 547 million dollar bo‘lgan bu loyiha foydali ish koeffitsenti va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish hajmining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Shartli yoqilg‘i sarfi 236 grammni tashkil etib, yiliga 530 million metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish imkonini beradi. 

Zamonaviy energetika texnologiyalariga asoslangan yangi qurilmani o‘zlashtirish va uning barqaror ishlashini ta’minlashda yosh mutaxassislarning o‘rni katta. Binobarin, ushbu korxonada ham yosh mutaxassislar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Jumladan, Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi o‘quv markazlari va energetika mashinasozligi korxonalari bilan o‘zaro tajriba almashish, malaka oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, korxonada issiqlik elektr stansiyalari uchun mutaxassis tayyorlaydigan o‘quv markazi tashkil etilmoqda. Bu yerda yil davomida 75 mutaxassis tayyorlash yoki qayta tayyorlash rejalashtirilgan. 

Korxona nafaqat elektr energiyasi ta’minoti, balki, aholi va iqtisodiyot tarmoqlariga issiqlik energiyasi ham yetkazib beruvchi asosiy manbadir. 

Ayni paytda barqaror ishlayotgan 478 megavatt quvvatli bug‘-gaz qurilmasida soatiga 40 gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. 450 megavatt quvvatli zamonaviy ikkinchi bug‘-gaz qurilmasi esa soatiga 200 gigakaloriya issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu stansiyaning o‘z resurslarini o‘tab bo‘lgan issiqlik quvvatlarini tiklash, shuningdek, viloyatda issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qondiradi.