“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov Joriy yilning 6 fevral kuni Samarqand viloyatining shahar va tumanlarida Sayyor qabul tadbirlarida ishtirok etib, jismoniy va yuridik shaxslar bilan yuzma-yuz ko‘rishib ochiq va samimiy ruhda suhbatlashdi.

Dastlabki Sayyor qabul Samarqand viloyatining yuksak tog‘ bag‘rlariga tutash bo‘lgan xushmanzara Urgut tumanida tashkil etildi. Tuman hokimligi bilan hamkorlikdagi mazkur uchrashuvga tadbirkorlar, ishlab chiqarish korxonalarining rahbarlari va jismoniy shaxslar taklif etildi.

Uchrashuvni tuman hokimi M.Turdiyev kirish so‘zi bilan ochib, Sayyor qabuldan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar haqida yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng Samarqand Standartlashtirish va metrologiya boshqarmasi boshlig‘i M.Saidov so‘zga chiqib, bugungi kunda viloyat miqyosida boshqarma va sinov va sertifikatlashtirish markazlari faoliyati doirasida amalga oshirib kelinayotgan ishlarning ko‘lami va bu borada o‘z yechimini kutayotgan ayrim muammolarga e’tibor qaratdi.

Sayyor uchrashuvida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov bugungi kunda agentlikning faoliyatida tadbirkorlaga,ishlab chiqaruvchilarga mahsulot ishlab chiqarishda ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlarga to‘xtalib, bu borada joriy yilda ham agentlik rahbariyati tomonidan joylarda Sayyor qabullarni tizimli o‘tkazishga va bu orqali xalq bilan samarali uchrashuvlarni ko‘proq o‘tkazish masalasiga e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.

Ma’lumki muhtaram Prezidentimizning tashabbuslari bilan Urgut tumanida erkin iqtisodiy hudud tashkil etildi. Mazkur hududda “O‘zstandart” agentligiga qarashli ilmiy-ishlab chiqarish markazida tadbirkorlarga bir qancha qulayliklar yaratilgan.

Jumladan, mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va qadoqlash bo‘yicha tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlarga yaqindan ko‘mak berib kelinmoqda. Uchrashuvdan so‘ng Bosh direktor A.Karimov mazkur ilmiy-ishlab chiqarish markazining faoliyati bilan ham yaqindan tanishib, markazning kelgusidagi faoliyatini yanada kengaytirish va tadbirkorlarga bundanda yaqinlashish tizimini yaratish bilan bog‘liq tavfsiyalarini berdi.

Sayyor qabul jarayonida tadbirkorlar tomonidan “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimovga ko‘plab savollar va eksport salohiyatini oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab takliflarini bildirdilar.

Shundan so‘ng kunning ikkinchi yarimida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov Samarqand shahrida tadbirkorlar ishtirokida Sayyor qabulida ishtirok etdi. Mazkur uchrashuvga ham shaharda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar va ishlab chiqarish korxonalarining vakillari taklif etildi.

Savol-javob shaklida tashkillashtirilgan uchrashuv davomida “O‘zstandart” agentligi Bosh direktori A.Karimov, ishlab chiqaruvchilarni qiziqtirgan savollariga javob qaytarar ekan, shuning bilan birga yaqinda agentlikning tashabbusi bilan qabul qilingan “Halol” standarti haqida ham atroflicha ma’lumot berdi.

Albata, bunday uchrashuvlar, xalq vakillari bilan muloqotlarning tashkil etilayotgani bahona “O‘zstandart” agentligi tizimida ro‘y berayotgan islohotlarni targ‘ib etish bilan birgalikda, ularning mavjud muammolariga yechim topish imkoniyati yaratilmoqda.