“O‘zstandart” agentligi jurnalistlar uchun navbatdagi matbuot anjumanida Respublikamizda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavsizligini ta’minlash borasida olib borayotgan ishlari xususida batavfsil ma’lumot berdi.
Matbuot anjumanida Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazining bir guruh mas’ul xodimlari ishtirok etdilar. Uchrashuvni “O‘zstandart” agentligi Bosh direktorining matbuot xizmati rahbari A.Rasulov kirish so‘zi bilan ochib, belgilangan mavzuning naqadar muhim va dolzarbligiga alohida e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi direktori A.Zokirov so‘zga chiqib, jurnalistlar uchun yurtimizda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlari yoritilgan ko‘rgazmali ma’lumotlari yordamida axborot berdi.
Matbuot anjumanida ta’kidlab o‘tilganidek, hozirda Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi va uning tizimidagi 16 ta hududiy markazlari viloyatlarda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 22 ta idora va muassasalar, 56 ta sinov laboratoriyalarini ish faoliyatini boshqaradi va muvofiqlashtiradi.
“O‘zstandart” agentligiga qarashli “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” Davlat korxonasi va uning hududiy markazlari tomonidan, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini sertifikatlashtirish jarayonida, ularning me’yoriy hujjatlar talablariga muvofiqligini baholash bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda savdo rastalarida sotilayotgan mahsulotlarning sifati bo‘yicha iste’molchilardan turli shikoyatlar kelib tushmoqda.
“Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” Davlat korxonasi va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi”ning 2018 yil may-sentyabr oylariga mo‘ljallangan monitoring qo‘shma rejasi ishlab chiqildi. Ushbu rejaga asosan hamda fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlarini inobatga olib, iyun oyida Toshkent shahri bozorlaridagi savdo shaxobchalari va yirik savdo tarmoqlaridan nazorat xaridlari amalga oshirildi.
Respublika markazi xodimlari tomonidan uch guruhga mansub sut mahsulotlari, jumladan quyultirilgan sut, muzqaymoq va yumshoq sыr (pishloq) nazorat tartibida xarid qilinib, Markaz qoshidagi kimyo-biologiya laboratoriyasida Respublika sanitar-epidemiologik stansiyasi xamkorligida xavfsizlik va sifat ko‘rsatikichlari bo‘yicha sinovdan o‘tkazildi. 20 ta mahsulotdan 13 tasining ko‘rsatkichlari me’yor talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Masalan, tekshiruvdan o‘tkazilgan 6 turdagi pishloq mahsulotlaridan 3 tasida begona (yoqimsiz) hid, yopishqoq konsistensiya, yuqori darajadagi zichlik va boshqa kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Tekshiruvdan o‘tkazilgan 8 turdagi quyultirilgan sut mahsulotlarining 5 tasida me’yoriy xujjatlar talablari, jumladan oziq-ovqat xavfsizligi talablariga rioya etilmaganlik holatlari qayd etildi.
Jumladan, temir bankalarga qadoqlangan quyuqlangan sut (sgushenka) mahsulotlarida shakar kristallari miqdorining ruxsat etilgan me’yorlardan yuqori ekanligi, bundan tashqari, “ichak tayoqchalari” (kishechnaya palochka) bakteriyalari guruhiga kiruvchi (ITBG) bakteriyalarining mavjudligi aniqlandi. (Ushbu patogen tayoqchalar odamning oshqozon-ichak traktiga tushguday bo‘lsa, katta yoshdagi kishilarda va yosh bolalarda ichak infeksiyasi kasalligi va gemolitiko-uremik sindromini chaqirishi xavfi yuzaga keladi. Ichak infeksiyasi gemorrogik kolit, enterit, ovqatdan zaxarlanish va “sayyox diareyasi” ko‘rinishida bo‘lishi mumkin).
Olti turdagi muzqaymoq mahsulotlari tekshiruvdan o‘tkazilganda bularning uchtasida yog‘larning umumiy ulushi,mahsulotlarning yorlig‘ida ko‘rsatilganidan kam ekanligi aniqlandi.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

Axborot xizmati