Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash, tamg‘alash, saqlash, realizatsiya qilish hamda utilizatsiya qilish O’zbekiston Respublikasining 1997 yil 30 avgustdagi «Oziq-ovqat mahsulotining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida»gi Qonuni bilan tartibga solinadi.

Iste’molchi o‘zi harid qilayotgan mahsulot to‘g‘risidagi axborotni ushbu mahsulotning tamg‘asidan (markirovka) oladi. Shuning uchun ushbu qonunda oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash va tamg‘alashga alohida e’tibor qaratilgan.

Mazkur qonunning 12-moddasida: Oziq-ovqatlar ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar ularni qadoqlangan, o‘ralgan (barcha muomala bosqichlarida sifati va oziqlik qimmati saqlanib qolishini ta’minlaydigan) va qonun hujjatlariga muvofiq tamg‘alangan holda chiqarishlari shart ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Shuningdek, qadoqlangan va o‘ralgan oziq-ovqatlar, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar, oziq-ovqat qo‘shimchalari yoriqlarga (suqma varaqalarga) ega bo‘lishi, ularda quyidagi axborotlar ko‘rsatilishi kerak:

  • oziq-ovqatning nomi;
  • oziq-ovqatni nimaga mo‘ljallanganligi (bolalarga maxsus mo‘ljallangan mahsulotlar va parhez taomlar uchun);
  • tayyorlovchining nomi;
  • tovar belgisi (belgiga ega tashkilotlar uchun);
  • oziq-ovqat tarkibiga kirgan narsalar, shu jumladan oziq-ovqat qo‘shimchalarining nomi;
  • oziqlik qimmati, navi;
  • saqlash shart-sharoitlari;
  • tayyorlangan sanasi, yaroqlilik muddati;
  • tayyorlash usuli (masalliqlar hamda maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
  • og‘irligi;
  • foydalanish usuli (biologik faol qo‘shimchalar: oziq-ovqat qo‘shimchalari, maxsus bolalarbop va parhez oziq-ovqat mahsulotlari uchun);
  • muvofiqlik belgisi (mahsulotini muvofiqlik belgisi bilan tamg‘alash huquqini beradigan litsenziyasi bor korxonalar uchun);
  • normativ yoki texnikaviy hujjatlarning nomerlari.

Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlarini tamg‘alash yuzasidan 2017 yil 12 iyul kuni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 490-sonli qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan UzTR.490-022:2017 sonli «Oziq-ovqat mahsulotini tamg‘alash yuzasidan uning xavfsizligi to‘g‘risidagi» umumiy texnik reglamenti qabul qilindi hamda bu texnik reglament joriy yilning 12 iyul kuni amalga kiritildi.

Mazkur texnik reglamentda quyidagi tushunchalar keltirib o‘tilgan:

  • tamg‘a — iste’mol o‘ramiga, transport o‘ramiga, suqma varaqqa, etiketkaga yoki yorliqqa tushiriladigan yozuvlar, rasmlar, belgilar, ramzlar, boshqa belgilar va (yoki) ularning kombinatsiyalari tarzidagi oziq-ovqat mahsuloti to‘g‘risidagi ma’lumot;
  • etiketka — tamg‘a bosiladigan va iste’mol o‘ramiga va (yoki) transport o‘ramiga, shu jumladan yelimlash yo‘li bilan mahkamlanadigan axborot manbai;
  • yorliq — o‘ramga mahkamlanadigan tamg‘alashni tushirish uchun mo‘ljallangan axborot manbai.
  • oziq-ovqat mahsulotining yaroqlilik muddati — tamg‘alashda qayd qilingan vaqt davri, ushbu vaqt mobaynida oziq-ovqat mahsuloti texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bilan belgilangan unga qo‘yiladigan xavfsizlik talablariga to‘liq muvofiq bo‘lishi, shuningdek tayyorlovchi (ishlab chiqaruvchi) tomonidan belgilangan saqlash shartlariga rioya qilinganda o‘z iste’mol xossalarini saqlab qolishi kerak va ushbu muddat tamom bo‘lgandan keyin oziq-ovqat mahsuloti sotilmasligi va belgilangan maqsadda foydalanilmasligi kerak.

Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligiga bo‘lgan talablar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyuldagi 474-sonli qarori asosida «Sut va sut mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risida»gi umumiy texnik reglamentida (UzTR.474-020:2017), shuningdek mahsulotlarning me’yoriy hujjatlarida belgilab berilgan.

Ushbu texnik reglament asosida kefir mahsulotining tamg‘alanishini ko‘rib chiqamiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda kefir O’zDSt 1086:2011 standarti asosida ishlab chiqariladi. Bu standartning 4.4 bandida kefir mahsulotini tamg‘alashga talablar berilgan. Bunda, mahsulot solingan har bir idish bo‘yoq hidi kelmaydigan, buzilib ketmaydigan tamg‘a bilan tamg‘alanishi kerak hamda quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi shart:

  • ishlab chiqaruvchining nomi, mulkchilik shakli, manzili, telefon raqamlari;
  • ishlab chiqaruvchining tovar belgisi (agar mavjud bo‘lsa);
  • mahsulot nomi; Mahsulot nomi: mahsulotning hom ashyosi, nima uchun ishlatilishi, tarkibi, alohida hususiyatlari asosida shakllantiriladi hamda ko‘rsatilgan barcha ma’lumot qat’iy to‘g‘ri bo‘lishi shart. Masalan, Yog‘sizlantirilgan kefir.
  • yog‘ning massa ulushi; Masalan, yog‘sizlantirilgan kefirda yog‘ massa ulushi 0,1%.
  • idishdagi mahsulot massasi (hajmi), g, cm3.
  • 100 g mahsulotning energetik qiymati to‘g‘risida ma’lumot;
  • mahsulotning tarkibi (asosiy tarkibi hamda qo‘shimchalar, aromatizator, krasitel, biodobavka va sh.k.);
  • mahsulotni saqlash sharoitlari va muddati (yil, oy, kun); Masalan, kefir uchun, (4yo2)°S va 70%dan kam namlikda 72 soat.
  • ishlab chiqarish sanasi (yil, oy, kun);
  • O’zDSt 1086:2011 standarti yozilgan bo‘lishi shart;
  • O’zDSt 5.8 standarti asosida muvofiqlik belgisi bo‘lishi shart; Izoh: «muvofiqlik belgisi» — muayyan mahsulot yoxud xizmat aniq standartga yoki boshqa normativ hujjatga mos ekanligini ko‘rsatish uchun mahsulotga yoxud ko‘rsatilgan xizmatga doir hujjatga qo‘yiladigan, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan belgi. Shuningdek, mahsulot yorlig‘ida muvofiqlik belgisi mavjud bo‘lganda ushbu mahsulot sertifikatlanganligini anglatadi.
  • qayd etilgan raqami ko‘rsatilgan holda shtrix-kod; Izoh, O’zbekiston Respublikasi shtrixli kodlash tizimi EAN xalqaro tovar raqamlash tizimi doirasida ishlab chiqilgan va faoliyat yuritadi, milliy va xalqaro kodlash tizimining mos kelishini hamda axborot almashish uchun yagona tilni ta’minlaydi. EAN shtrixli kodlaridan foydalanish ustidan nazorat GS1 UZBEKISTAN (EAN UZBEKISTAN) assotsiatsiyasi va "O’zstandart" agentligi “Shtrixli kodlash markazi” DK tomonidan birgalikda amalga oshiriladi. GS 1 UZBEKISTAN (EAN UZBEKISTAN) (Belgiya, Bryussel) Xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan mamlakatimizga 478 raqamli identifikatsion kod berilgan.

EAN-13 shtrix kodi 13 ta raqamdan iborat bo‘lib, quyidagi ma’noga ega.

Dastlabki 3 ta raqam, ya’ni prefiks milliy uyushmaning raqami hisoblanadi. Bu 3 ta raqam, masalan, 478 prefiksi "GS1 Uzbe-kistan" uyushmasini anglatadi va u "GS1" Xalqaro Uyushmasi (EAN International, Belgiya) ning O’zbekistondagi vakolatxonasi hisoblanadi. Qabul qilingan taomilga ko‘ra, har bir davlatda "GS1" xalqaro uyushmasining faqat bitta vakolatxonasi yoki boshqarmasi mavjud.

EAN-13 shtrix kodining batafsil tavsifiga o‘tsak:

  • 478 0100147721
  • dastlabki 3 ta raqam "GS1 Uzbekistan" uyushmasiga berilgan prefikc hisoblanadi;
  • keyingi 6 ta raqam korxonaning raqamini anglatadi;
  • keyingi 3 ta raqam esa tovar va mahsulotning raqamihisoblanadi;
  • oxirgi 13-raqam esa nazorat raqami deb ataladi. Bu orqali "GS1 Uzbekistan" uyushmasi tomonidan ta’sis etilgan shtrix kod nazorat qilib turiladi.

Agar mahsulot ichki bozorda realizatsiya qilinadigan bo‘lsa «O’zbekistonda ishlab chiqarilgan», agar mahsulot eksport qilinadigan bo‘lsa «Made in Uzbekistan» yozuvi tushiriladi.

Demak, mahsulot tamg‘asidagi har bir ma’lumot ortida bir qancha axborotlar ko‘rsatib o‘tilgan. Agar mahsulot harid qilish oldidan mahsulotning tamg‘asiga alohida e’tibor berib harid qilinsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Axborot xizmati