Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi Davlat korxonasi mutaxassislarining bevosita ishtirokida, joriy yilning 9 noyabr kuni Andijon SMB va SSM DK hamda viloyat hokimligi, savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi viloyat boshqarmasi bilan birgalikda viloyatda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalari va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirokida “Andijon biznes markazi”da “Sifatni boshqarish tizimi – raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish garovidir” mavzusida seminar tashkil etildi.

Ushbu seminarda 100 ga yaqin ishlab chiqarish korxonalari hamda tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi. Seminarni viloyat hokimining o‘rinbosari Sh.Sheraliyev ochib, sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish va viloyat eksport salohiyatini oshirish hamda korxonalarda sifat tizimlarini joriy etish to‘g‘risida ishtirokchilarga ma’ruza qildi.

Seminarda ishtirok etgan, ishlab chiqarish korxonalari tadbirkorlik sub’ektlari vakillariga «Sifat menedjmenti tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha metodik qo‘llanma”lar tarqatildi.

Seminar yakunida, tarmoq jadvaliga kiritilgan 117 ta korxonadan 75 tasi bilan sifat tizimlarini joriy etish bo‘yicha shartnomalar imzolandi.

Seminar o’tkazilgan markazda sifat tizimlarini joriy etgan korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada 20 ga yaqin korxonalar o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etdilar.

“Sifatni boshqarish tizimi – raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish garovidir” mavzusida seminar hamda sifat tizimlarini joriy etgan korxonalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘yicha tayyorlangan lavhalarni 11 noyabr kuni soat 19-00 da namoyish etiladigan, Respublika televideniyasining “Davr” ko‘rsatuvida ko‘rishingiz mumkin.