O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 30 sentyabrdagi “I - Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi PF-4720-sonli farmoyishiga asosan, joriy yilning 8-10 noyabr kunlari “O‘zekspomarkaz”da o‘ttizdan ziyod mamlakat vakili tashrif buyurgan Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur xalqaro yarmarka ishida “O‘zstandart” agentligi ham faol qatnashib, jismoniy va yuridik shaxslarga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish jarayonlarida standartlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlashtirish va metrologiya yo‘nalishlari bo‘yicha zarur ma’lumotlarni bermoqdalar. Shu bilan birga, “O‘zstandart” agentligi mutaxassislari tomonidan yarmarka ishtirokchilari va qatnashuvchilari uchun yangi mahsulot turlariga me’yoriy – texnik hujjatlarni ishlab chiqish, mahsulotni eksport qilishda tegishli hujjatlarni tayyorlash, xalqaro standartlarga javob beradigan sifatni boshqarish tizimlarini ishlab chiqish, joriy etish va sertifikatlashtirish bo‘yicha konsultativ xizmatlar ko‘rsatilmoqda. 

Ushbu Xalqaro sanoat yarmarkasi uchun “O‘zstandart” agentligining stendi tayyorlangan bo‘lib, unda sifatni boshqarish tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish, Mahsulotni eksport qilishga ko‘maklashish Byurosi faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek metrologiya, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida ko‘rsatilayotgan xizmatlarga oid ma’lumotlar aks ettirilgan. Shu bilan bir qatorda yarmarka ishtirokchilari va qatnashuvchilari uchun “O‘zstandart” agentligi va uning korxonalari faoliyati to‘g‘risida mingdan ortiq bukletlar tayyorlangan.

Yarmarka doirasida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar va ularning hamkorlari ishtirokida davra suhbatlari, muzokaralar tashkil etilishi, yarmarka qatnashchilarining intensiv bog‘larga, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarga, sovutish komplekslariga tashrif buyurishlari ham rejalashtirilgan.