Texnik reglament: xavfsizlik va sifat kafolati

Yaqin-yaqingacha poyabzallarga oyoqlarimizni tashqi ta’sirlardan himoya qiluvchi vosita sifatida qarar edik. Endilikda xaridorlar oyoq kiyimlari chidamli va mustahkamligidan tashqari ko‘rinishi bejirim, yengil va xavfsiz bo‘lishini ham xohlaydi. 

Bu mahsulot ishlab chiqarish texnikasini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, bolalar salomatligini ta’minlash va poyabzal tayyorlash me’yorlarini takomillashtirishni talab qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5-yanvardagi “Charm-poyabzal mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash haqida”gi qarorida sohaga doir yagona talablar belgilandi. U e’lon qilingan kundan olti oy o‘tganidan keyin amalga kiritiladi. 

– Texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha xalqaro normativ hujjatlarga mos bu reglament tadbirkorlarga bir qator yengilliklar yaratadi, – deydi «O‘zstandart» agentligi bosh mutaxassisi Jamoliddin Meliboyev. – Yangi texnik reglamentga ko‘ra, hozirga qadar charm poyabzallariga qo‘llanilgan samarasiz, biroq majburiy bo‘lgan 24 standartlashtirish hujjatlari ixtiyoriy tizimga o‘tkazildi. Endilikda poyabzal, charm, charm- galantereya sanoati mahsulotlarining mexanik, biologik, kimyoviy xavfsizligiga bo‘lgan talablar yagona hujjat bilan o‘rnatiladi. Avvallari talablar tarqoq bo‘lib, mahsulot turlari uchun alohida me’yorlar qo‘yilardi. Bu eksport yoki import bilan shug‘ullanish istagidagi korxonalarga muayyan qiyinchilik tug‘dirayotgan edi. Endilikda ular mahsulotlari xavfsizlik talablariga javob bersa, qolgan yigirmadan ortiq hujjatni tayyorlash uchun vaqt va mablag‘ sarflab, yelib-yugurish tashvishidan xalos bo‘ldi. Mazkur hujjatning bozorga ta’siri beqiyos bo‘lib, sifatsiz mahsulotlar yurtimiz hududiga kirishining oldini olish, mahsulotlarni sertifikatlashtirishda muhim ahamiyatga ega. 

Reglament charm mahsulotlari qanday turdagi korxonada ishlab chiqarilishidan qat’i nazar, birinchi navbatda, inson hayoti va sog‘lig‘ini asrab-avaylashni nazarda tutadi. Misol uchun, poyabzalni ustki qismi bilan tag qismini biriktirish mustahkamligi, poshna mustahkamligi, ayniqsa, ayollar poyabzali zarbga bardoshliligi, egiluvchanligi va suv o‘tkazmaslik kabi xavfsizlik talablari kuchaytirilgani buning yorqin isbotidir. Shuningdek, bo‘yoq mustahkamligi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar uchun teri sog‘lig‘iga salbiy ta’sir o‘tkazadigan omillar, zaharlilik indeksi kabi talablar o‘rnatildi va to‘liq sinov o‘tkazish usullari belgilandi. 

– Yangi reglament mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilariga xalqaro bozorga chiqish uchun qulaylik yaratadi, –deydi «O‘zbekcharmpoyabzali» uyushmasi vakili Sardor Jovliyev. – Bunga qadar ham tizimda faoliyat yuritayotgan korxonalarga qator qulayliklar yaratilgan edi. Jumladan, 2020-yilning 1-yanvariga qadar mikrofirma va kichik korxonalar mulk solig‘i, yo‘l jamg‘armasiga majburiy to‘lovlar to‘lashdan ozod etilgan, import qilinadigan asbob-uskunalar, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan xomashyo materiallarini olib kelganda bojxona to‘lovlari bo‘yicha qator imtiyozga ega. 

Charm-poyabzal mahsulotlariga yagona talabning qabul qilinishi ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va rivojlantirish, mahsulotlar sifatini hamda raqobatbardoshligini yanada oshirish imkoniyatini kengaytiradi. Hozirga qadar mamlakatimiz poyabzal ishlab chiqaruvchilari Pokiston, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Rossiya kabi yigirmadan ortiq davlatning bozorini o‘zlashtirgan bo‘lsa, kelgusida eksport geografiyasini yanada kengaytirish mo‘ljallanmoqda. Polsha, Italiya, Ispaniya, Belarus kabi davlatlarga «O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan» yorlig‘i qo‘yilgan poyabzal mahsulotlari yetkazib berish maqsadida marketing tadqiqotlari olib borilmoqda. 

Bugungi kunda mamlakatimizda terini qayta ishlash, charm-attorlik hamda poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarish bilan 770 ga yaqin korxona shug‘ullanmoqda. Sohada imtiyozli sarmoyalar evaziga ish o‘rinlari yaratilmoqda, yangi korxonalar tashkil etilmoqda. 

Reglament charm-poyabzal mahsulotlarining o‘rami va markirovkasi qanday bo‘lishi kerakligini belgilaydi, shuningdek, uni identifikatsiyalash, namunalarini tanlash va sinashni ham tartibga soladi. Unga amal qilish ustidan davlat nazoratini «O‘zstandart» agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, boshqa maxsus vakolatli davlat organlari amalga oshiradi. 

“O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tizimdagi korxonalarda umumiy texnik reglamentning maqsadi, mazmuni va uni qo‘llash tartibi bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Soha vakillari bilan birgalikda texnik reglamentni amalda qo‘llash masalalari bo‘yicha seminarlar o‘tkazilib, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil etilmoqda.