Davlatimiz rahbari “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish" va “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish"loyihalari bilan tanishdi. 

“Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metani negizida sintetik suyuq yoqilg‘i (GTL) ishlab chiqarishni tashkil etish" loyihasi gaz-kimyo sanoati yo‘nalishida dunyoning ilg‘or texnologik yechimlarini o‘zida aks ettirgan. Ushbu loyiha MDH doirasidagi eng yirik mega-loyihalardan biridir. 

Loyiha “O‘zbekneftegaz” kompaniyasi ta’sisligida amalga oshirilishi mamlakatimizning yoqilg‘i energetika xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega bo‘lish barobarida, sohaning jadal sur’atlarda taraqqiy etib borayotganidan dalolat beradi. 

Loyiha doirasida yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gazni qayta ishlash orqali 1,5 million tonna yuqori sifatli "Evro-5" talablariga javob beradigan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqariladi. Shundan 743 ming tonnasi dizel yoqilg‘isi, 311 ming tonnasi aviakerosin, 431 ming tonnasi nafta va 21 ming tonnasi suyultirilgan gazni tashkil etadi. 

Yangi zavod ishga tushirilishi natijasida iqtisodiyotning real tarmoqlarini rivojlantirish, mamlakatimizning tranzit salohiyatini yanada oshirish, shuningdek, neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojning asosiy qismini qanoatlantirish va neft importi hajmini kamaytirish orqali xorijiy valyuta sarfini tejashga erishiladi. 

Qurilish-montaj ishlari 2020-yilning ikkinchi yarmida nihoyasiga yetkazilishi, zavodda qo‘shimcha 682 yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan. 

Davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari asosida “Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish" loyihasi konsepsiyasi qaytadan ko‘rib chiqilib, ishlab chiqarish jarayoniga sintetik nafta xomashyosini jalb qilish masalasi o‘rganildi. Loyiha ishga tushgach, zavodning polimer ishlab chiqarish quvvati mavjud 125 ming tonnadan 450 ming tonnagacha, ya’ni 3,6 barobarga oshirilishi ta’minlanadi. Natijada neft-kimyo yo‘nalishini rivojlantirishga keng yo‘l ochiladi. Birinchi bosqichda yuqori qiymatli xomashyo sintetik naftani qayta ishlab, yangi turdagi polietilen va polipropilen bilan birgalikda piroliz distilyatini ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Piroliz distilyatidan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishda foydalanish imkoniyati hududda texnologik klasterni barpo etishga zamin yaratadi, istiqbolda kimyo, avtomobilsozlik, farmatsevtika, qurilish va to‘qimachilik sohalari yanada rivojlanishida muhim omil bo‘ladi. 

Loyiha zavodning mavjud maydonida amalga oshirilib, qurilish ishlari kompleksning ishlab chiqarish jarayoniga ta’sir etmagan holda olib boriladi. 

Ta’kidlash joizki, zavodning mavjud intellektual va texnologik salohiyatidan foydalangan holda qo‘shimcha ishlab chiqariladigan mahsulotning tannarxini sezilarli darajada kamaytirish va investitsiyalar samaradorligini yanada oshirishga erishiladi. 

Qurilish-montaj ishlari 2020-yilning to‘rtinchi choragida yakunlanadi va loyiha doirasida 250 yangi ish o‘rni yaratiladi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz iqtisodiy rivojida muhim o‘rin tutadigan ushbu loyihalarni moliyalashtirish, uskunalarni o‘z vaqtida keltirish, qurilish ishlarining «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish, korxonalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirib, aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi. 

Manba: O'zA