Zamonaviy texnologiyalar – inson ko‘makchisi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi institutida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi. Unda favqulodda vaziyatlarda aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha fan va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlari namoyish etildi. 

Tadbir davlatimiz rahbarining 2016-yil 29-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademiklari faoliyatini yanada takomillashtirish va rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasi hamkorligida tashkil etildi. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fanlar akademiyasi bilan favqulodda holatlarda aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Yuz berishi mumkin bo‘lgan turli texnogen halokatlar va tabiiy ofatlar haqida oldindan xabar berish va ularni bartaraf etish maqsadida olimlar tomonidan diagnostika texnologiyalari ishlab chiqilib, O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan keng qo‘llanilmoqda. 

Seminarda favqulodda vaziyatlarda aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha mavjud dolzarb masalalarni hal etishda talab etiladigan ilmiy yondashuvlarga bo‘lgan ehtiyoj muhokama qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyatida yuzaga keladigan masalalar yechimida mamlakatimizning ilmiy muassasalari salohiyatidan samarali foydalanish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Favqulodda vaziyatlarda aholi va hududlarni muhofaza qilish sohasidagi vazirlik va idoralarning yetakchi olim va rahbarlari o‘zaro tajriba almashdi. 

Sel, toshqin, zilzilalar oqibatidagi favqulodda vaziyatlardan ogohlantirish, obyektlarning seysmik mustahkamligiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va o‘tkazish, tavakkalchiliklarni baholash usullarini ishlab chiqish, tashkilot va vazirliklarning tabiiy ofatlarga qarshi kurashishda amalga oshirishi mumkin bo‘lgan hamkorligiga oid ma’ruzalar tinglandi. 

Seminar ishtirokchilariga favqulodda vaziyatlarda aholi va hududlarni muhofaza qilish bo‘yicha ilg‘or texnologik yutuqlar namoyish etildi. 

Manba: O'zA