Xalqimiz istiqlol yillarida o‘zi tanlagan yo‘ldan og‘ishmay, qat’iyat va dadillik bilan ildam odimlab bormoqda. Mamlakatimizda tinchlik-totuvlikning barqarorligi, aholi daromadlari muttasil oshib borayotgani, shaharu qishloqlarimizning kundan-kun chiroy ochayotgani, Vatanimizning turli xalqaro reytinglarda oldingi o‘rinlarda qayd etilayotgani bu yo‘lning naqadar ulug‘ligini, qadamlar zalvorini yaqqol namoyon etmoqda.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” fondi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25-yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Zalvorli qadamlar” badiiy ocherk va publitsistik maqolalar to‘plamini varaqlagan har o‘quvchi buni yana bir bor yurakdan his qiladi, yanada teran anglaydi. 

Kitobda Andijondagi “O‘zbekiston” ko‘chasining bugungi latif qiyofasi, iqtisodiyotimiz lokomotiviga aylangan Asaka avtomobil zavodi, mamlakatimizda yonilg‘i mustaqilligini ta’minlab bergan Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, tinchlik va taraqqiyotimiz garovi bo‘lgan Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, Qamchiq dovonidagi 19,2 kilometrlik tunnel, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, Qarshidagi Amir Temur ko‘prigi, Urganchdagi Shovot kanali bo‘yidagi obodonlashtirish ishlari va boshqa mavzulardagi badiiy puxta, hayotiy misollarga boy asarlar jamlangan. Ularni birma-bir mutolaa qilar ekanmiz, yurtimizning bugungi jamoli, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati, obod va farovon hayotimiz, zamonamiz qahramonlari siymosi ko‘z oldimizda jonlanadi. Bugungi saodatli kunlarga yana bir bor shukrona aytamiz, ularni ko‘z qorachig‘idek asrash va avlodlarga bezavol yetkazishga intilamiz, kurashamiz. 

Shu ma’noda “Zalvorli qadamlar” to‘plami Vatanga muhabbat tuyg‘usi bilan yashayotgan, qalbi go‘zallik va ezgulikka oshno har bir yurtdoshimizni befarq qoldirmaydi.

Manba: O'zA