“O‘zstandart”da Navro‘z sayli

Qizg‘aldoq bargidek uchar dildan g‘am,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam,
Mening O‘zbekiston-dilbar Vatanim!

Yurtimizga fayzu-tarovvat ulashib kelgan Navro‘zi olam, mamlakatimizning barcha go‘shalarida o‘zgacha quvoch-xursandchilik bilan kutib olindi. Respublikamizning shaharu-qishloqlarida mazkur bayramga bag‘ishlab, xalq sayillari tashkil etilib, milliy urf-odatlarimiz, laparlarimiz, o‘yinlar yana bir bor esga olindi.

Barcha vazirlik hamda idoralarda bo‘lgani, “O‘zstandart” agentligida ham Navro‘z o‘zgacha ruh, o‘zgacha tayyorgarlik bilan kutib olindi.

E’tiborli tomoni shundaki, bayram munosabati bilan har bir tashkilot o‘zlari uchun ajratilgan stollarni bahoriy noz-ne’matlar bilan bezatdilar.

Bulardan tashqari, sahna namoyishlari, arqon tortish, milliy o‘yinlar, kelin salomlar bayramning yanada qiziqarli va rang-barang chiqishida muhim omil bo‘ldi deyishimiz mumkin.

Bayram tomosholarida “O‘zstandart” agentligi “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi”, “Axborot ma’lumot markazi” va “Metrologiya xizmatlari ko‘rsatish markazi”ning jamoalari o‘zgacha chiqishlari bilan yig‘ilganlar olqishiga sazovor bo‘ldilar.

Albatta, bayram dasturi bahona barcha bir maqsad atrofida birlashib, Navro‘zi olam yurtimizga fayzu-baraka, dehqonlarimiz mehnatiga rivoj bersin deya samimiy tilaklarini bildirdilar.

Navro‘zi olam yana bir bor Ona O‘zbekistonimizga xush kelding deb qolamiz.