Qonunlar targ‘ibotiga bag‘ishlandi

Andijonda O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi va «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlari targ‘ibotiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. 

Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari loyihasi doirasida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat kengashi tashabbusi bilan viloyat adliya boshqarmasi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti viloyat hududiy bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlaridagi deputatlik va targ‘ibot guruhlari vakillari, huquqshunos olimlar, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, yoshlar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasining “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi va «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlari mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati baro etish, yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal vazifasini o‘tayotgani ta’kidlandi. 

“Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati va uni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarining roli”, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun mazmun-mohiyati hamda uni amalga oshirishda davlat organlari va jamoatchilikning ishtiroki” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi. Aholi o‘rtasida yuqoridagi qonunlar mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish va tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari samaradorligini yanada oshirish yuzasidan fikr almashildi. 

Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, fuqarolarning qonunlar ijrosini ta’minlashdagi faolligini oshirish, siyosiy, huquqiy bilimi va madaniyatini yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi. 

– “Mahorat darsi” shaklida tashkil etilgan tadbir mazkur qonunlar mazmun-mohiyati va ahamiyati haqidagi tushunchalarimizni yanada boyitdi, – deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Paxtaobod tuman kengashi raisi J.Hamidov. – Bu qonunlar targ‘ibotini amalga oshirish, umuman, faoliyatimizni yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi. 

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.