Avtotransport vositalarining kabinasi va salonidagi zararli gazlarning miqdorini aniqlash yo‘lida

Yirik shaharlar iqtisodiyotining keskin rivojlanishi jarayonida ayrim zaxarli gazlar hosil bo‘lishi kuzatilmoqda hamda ularning nomenklatura miqdori oshmoqda. Tabiiyki bu atrof muhit tozaligi va inson salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi.

Bu esa o‘z navbatida odamlarning sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillarning oldini olishni, ekologik va sanitar-gigiyenik nazoratni tartibga solishni talab etadi.

“Samarkand sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi qoshidagi mashinasozlik maxsulotlarini sinash laboratoriyasiga havo tarkibidagi zaharli komponentlar miqdorini aniqlash uchun “BINAR-1P” rusumli uskunasi xarid qilindi. 

Ushbu uskuna havoning ifloslanganlik darajasi haqida ma’lumot olish hamda havoning ifloslanganlik darajasi to‘g‘risida tezkor ogohlantirish imkoniyatini beradi. U orqali 8 turdagi zaxarli gazlarning (azot oksidi, azot dioksidi, uglerod oksidi, formaldegid, uglevodorodlar va h.k) havo tarkibidagi miqdori aniqlanadi.

Shuningdek, gazoanalizator va uning jamlamasiga kiruvchi blok manbai 220V tarmog‘idan statsionar sharoitlarda ishlatilishi mumkin. Blok manbai zaryadli qurilma funksiyasi vazifasini bajarish bilan birga akkumulyatorlarni kuchlantiruvchi qurilma sifatida ham ishlatiladi.

Xozirda bu uskuna avtotransport vositalarining kabinasi va salonidagi zararli gazlarning miqdorini aniqlash uchun ishlatilayotgan bo‘lsada, u bilan nafaqat avtotransport vositalarining kabinalari balki ishlab chiqarish xonalaridagi xavoning tarkibidagi zaxarli gazlarning miqdorini aniqlash imkoniyatini beradi.

Bu orqali yuqori aniqlikdagi natijalar olinib, odamlarning sog‘lig‘iga ta’sir etuvchi omillarning oldini olishda, ekologik va sanitar-gigiyenik nazoratni tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi hamda laboratoriyamiz tomonidan o‘tkazilayotgan sinov natijalarini xalqaro bozorda tan olinishiga erishiladi.