Har birimiz yoshimiz ulg‘aygani sayin bot-bot bolalik xotiralariga murojaat qilaveramiz. Kindik qonimiz tomgan muqaddas go‘sha, mehribon ota-onalarimiz, aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz va yaqin jigarlarimizdan ko‘rgan mehr muhabbatni ko‘z o‘ngimizdan o‘tkazaveramiz.
Baxtli bolalik va uning shirin xotiralari bizga bir umir kuch-quvvat bag‘ishlab, yurt, Vatan bag‘rida voyaga yetib umrguzaronlik qilishdek gohida shirin, gohida esa mashaqqatli hayot yo‘llarida yaqin ko‘makdosh bo‘lib xizmat qilarkan.
Bolaligi quvonchlarga boy bo‘lgan inson chin ma’noda boshqalarga ham yaxshilik ulashishga qodir bo‘ladi. Ayniqsa ota-onaning yuksak tarbiyasi, muallimlarning saodatga eltuvchi o‘gitlari, onadek aziz Vatanning tafti insonnig yashashga bo‘lgan ishtiyoqini oshiradi.
Shu ma’noda yurtimiz bolalariga havas qilsa arziydi. Ularning barkamol bo‘lib ulg‘ayishlari yo‘lida barcha imkoniyatlar mavjud.
Har yili 1 iyun mamlakatimizda Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni sifatida keng nishollanadi. Turli mavzularda ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan farzandlarimizga baxt va omad doimo yor bo‘lishini tilaymiz. Osmonimiz musaffo bo‘lsin. Bolajonlarimiz jonajon Vatanimizda baxtli hayot kechirsinlar.