Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 28 apreldagi “O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2935-sonli qarorining ijrosini ta’minlash yuzasidan agentlik tizimida amaliy harakatlar boshlandi.
Birinchi navbatda asosiy e’tibor “O‘zstandart” agentligi tizimidagi sinov va o‘lchov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va qayta jihozlashga qaratilmoqda. Bu ishlar uchun jami 4849,2 mln. so‘m sarflanib, 172 ta zamonaviy va yuqori aniqlikdagi uskunalar xarid qilindi. Natijada 276 ta yangi sinov usullari, shundan 64 tasi xalqaro (ISO) joriy etildi. 
Agentlikning oziq-ovqat, yengil sanoat, elektrotexnika va qurilish yo‘nalishlari bo‘yicha 4 ta sinov laboratoriyalari xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Qo‘shimcha ravishda «SGS» xorijiy kompaniyasi bilan oziq-ovqat mahsulotlarining sinovlarini o‘tkazish yuzasidan shartnoma imzoladi.
Amalga oshirilgan ishlar 7 turdagi mahsulotlarga xalqaro darajada sinov bayonnomalarini rasmiylashtirish bilan dunyoning 140 davlatida tan olinishini ta’miinlaydi. 
“O‘zstandart” agentligi tizimida 2017 yil davomida yana 4 ta sinov laboratoriyalarni xalqaro darajada akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan. 
Jumladan: “Surxondaryo SSM” DK qoshidagi oziq-ovqat mahsulotlarini, “Buxoro SSM” DK qoshidagi kimyo mahsulotlarini, “Namangan SSM” DK qoshidagi yengil-sanoat mahsulotlarini va “Samarqand SSM” DK qoshidagi mashinasozlik mahsulotlarini sinash laboratoriyalaridir. “O‘zstandart” agentligi tomonidan Respublikamizning ishlab chiqarish korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq menejment tizimlarini joriy etish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Birgina o‘tgan 2016 yilning o‘zida mamlakatimizning 1079 ta korxonalarida menejment tizimi joriy etildi.
“O‘zstandart” agentligi tomonidan eksporter korxonalar uchun bepul xizmatlar ko‘rsatish maqsadida “Mahsulotlarni eksportga ko‘maklashish Byurosi” tomonidan birgina o‘tgan davr mobaynida 1500 dan ortiq eksporter korxonalarga konsultativ xizmatlar ko‘rsatildi.
Natijada 116 ta korxonalar tomonidan ilk bor 65 turdagi (quruq meva, ip-kalava, trikotaj, poyafzal, qurilish mollari va x.k.) mahsulotlarning eksporti (MDX davlatlari, Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlariga) amalga oshirildi.