Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. 

Buni Farg‘ona viloyati xotin-qizlar qo‘mitasining davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borayotgan ishlari misolida ham ko‘rish mumkin. 

Viloyatda xotin-qizlar, ayniqsa, qishloq ayollari uchun munosib turmush va mehnat sharoiti yaratish, o‘quvchi-qizlarni ta’limning keyingi bosqichiga to‘liq qamrab olish, kasb-hunarga yo‘naltirish, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirgi kunda viloyatda kichik biznes sub’ektlarida 7 mingdan ortiq xotin-qiz samarali ish olib bormoqda. Oilaviy biznesni tashkil etish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning huquqiy, tadbirkorlik borasidagi bilim va malakasini oshirish maqsadida davra suhbati va seminarlar o‘tkazilmoqda. Biznesni tashkil etish, hujjat yuritish, soliq imtiyozlari, kredit olish va boshqa masalalar yuzasidan mutaxassislar ko‘magida zarur tavsiya va maslahatlar berilayotir. 

Oltiariq tumanida bo‘lib o‘tgan anjuman xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish masalasiga bag‘ishlandi. "Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi G.Mahmudova va boshqalar mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, bandligini ta’minlash, uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 

Tadbirkor xotin-qizlar o‘z tajriba va ish uslublari, erishayotgan yutuqlari haqida so‘zlab berdi. Ular ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. 

“Nurli obod” fermer xo‘jaligida tashkil etilgan ochiq muloqotda yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, tashabbus va intilishlarini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. 

– Tadbirkorlik bilan shug‘ullangan kishi hech qachon kam bo‘lmaydi, – deydi “Nurli obod” fermer xo‘jaligi rahbari, “El-yurt hurmati” ordeni sohibasi Lolaxon Murodova. – Bugungi fermer faqat paxta va g‘allaga qarab qolmasdan, ko‘p tarmoqli sifatida yangi yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘ysa, yanada iqtisodiy samaradorlikka erishadi. Biz bugun o‘z tajribalarimiz asosida yoshlarga tadbirkorlik borasida tushunchalar berdik. Ochiq va samimiy muloqot davomida dildan suhbatlashdik.