Navoiy viloyati, Navoiy shahrida yashovchi fuqaro tomonidan Farg‘ona viloyati, Marg‘ilon shahrida joylashgan “ROF FOOD UNIVERSAL” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Labaniy” shakarli quyiltirilgan sut mahsulotining sifatsizligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga qilgan murojaati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.

“O‘zstandart” agentligining topshirig‘iga binoan, Farg‘ona sinov va sertifikatlashtirish markazi mas’ul xodimlari “ROF FOOD UNIVERSAL” MChJda navbatdan tashqari inspeksiya nazoratini o‘tkazdilar. Mahsulotdan olingan namunalar laboratoriya sinovidan o‘tkazilganda “Labaniy” shakarli quyiltirilgan sut mahsulotining me’yoriy hujjat talablariga javob bermasligi aniqlandi.

Bu to‘g‘risida “ROF FOOD UNIVERSAL” MChJ rahbari M.Raxmatullayev ogoxlantirilib, kamchiliklarni bartaraf etish uchun korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risida Farg‘ona sinov
va sertifikatlashtirish markazi qarori qabul qilinib, ijro uchun yuborildi.

Ushbu xato va kamchiliklar bartaraf etilmaganligi sababli Farg‘ona sinov va sertifikatlashtirish markazi tomonidan “ROF FOOD UNIVERSAL” MChJga berilgan muvofiqlik sertifikati bekor qilindi hamda ma’lumotlar tegishli chora ko‘rish uchun Davlat soliq organiga yuborildi.