Davlatimiz rahbari “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rivojlanishining ikkinchi bosqichi” loyihasi bo‘yicha ishlar boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimizning rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalaridan hisoblanadi. Mazkur investitsiyaviy loyiha ikki bosqichda amalga oshiriladi. 

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirish asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. 

Joriy yilning mart oyida Prezidentimiz tomonidan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini 2030-yilgacha bo‘lgan davrda rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Dastur doirasida mis ishlab chiqarishni 1,4 barobar, qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni 33 foizga oshirish belgilangan. 

Loyihani o‘zlashtirish jarayonida bitta temir yo‘lni yangi joyga o‘tkazish, ikkita yangi temir yo‘l qurish, avtomobil yo‘llari barpo etish ko‘zda tutilgan. Uzunligi 1,4 kilometrlik tunnel va 3,1 kilometr konveyyer yo‘li quriladi, ishlab chiqarish, transport, energetika va boshqa infratuzilma obyektlari barpo etiladi. Yangi mis-boyitish kompleksi, misni elektroliz qilish, oltingugurt kislotasi ishlab chiqarish sexlari va boshqa infratuzilma obyektlari quriladi. 

Loyiha 2028-yilda to‘liq quvvatda ishga tushiriladi. Natijada 10 mingdan ortiq kishining bandligi ta’minlanadi. Bundan tashqari, yosh mutaxassislar uchun 2017-2021-yillarda 400 oilaga mo‘ljallangan 9 yangi ko‘p qavatli uy, maktabgacha ta’lim muassasasi va 240 o‘rinli 2 yotoqxona barpo etiladi. 

Ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 50 foizi eksportga chiqariladi. 

Marosimda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

Yurtimiz yer osti boyliklariga boy, lekin biz undan unumli foydalana olmayapmiz, dedi Prezidentimiz. Biz geologiya sohasini rivojlantirishga yetarlicha e’tibor qaratmadik. Endi bu yo‘nalishdagi ishlarni tubdan yaxshilaymiz va sohani takomillashtiramiz. 

Kechagi kun bilan yashash vaqti o‘tdi. Bugun zamon o‘zgarmoqda, biz ham shu shiddatga mos ravishda o‘zgarishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Davlatimiz rahbari mazkur loyihani kadrlar bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi. Bugun mazkur tarmoqda ishlayotgan yoshlar ko‘pligini inobatga olib, yangi ochilgan konga “Yoshlik”, deb nom berishni taklif qildi. 

Majmuaga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yildi. 

Tadbirda kombinat faollari va yoshlar so‘zga chiqib, hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini yuksaltirish borasida amalga oshirayotgan ezgu ishlari uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi. 

Prezidentimiz Olmaliq shahrining bosh rejasi asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishdi. 

Olmaliq mamlakatimizning sanoati rivojlangan yirik shaharlaridan biri. Hududda yangi konlarning o‘zlashtirilishi, aholi sonining o‘sib borishi shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni taqozo etmoqda. 2035-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejaga ko‘ra, Olmaliqning ma’muriy hududi 2 ming 600 gektardan 3,5 ming gektarga yetkaziladi. Sanoat hududi shahar markazidan olib chiqilib, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholiga qulay uy-joylar barpo etish ko‘zda tutilgan. 

Imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan yetti qavatli o‘nta uy Ibn Sino ko‘chasida bunyod etilmoqda. Har biri 42 xonadonga mo‘ljallangan ushbu uylarning dastlabki ikkitasi qurib bitkazilish arafasida. Mazkur uylarda aholiga yashash uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 

Loyihaga ko‘ra, bu yerda gipermarket, maktabgacha ta’lim muassasasi, madaniyat va istirohat bog‘i ham quriladi. Bu aholi farovonligini yuksaltirish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Prezidentimiz aholining uy-joyga ehtiyojini hisobga olib, to‘qqiz qavatli uylar barpo etishni taklif etdi. 

Yangi uylar Vatanimiz mustaqilligining 27-yilligi arafasida shahar ahliga munosib tuhfa bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. Uylar qurilishi yildan-yilga kengayib boradi. Kelgusida bu yerda barcha qulayliklarga ega zamonaviy mikrorayon qad rostlaydi, xalqimiz ham bizdan rozi bo‘ladi. 

Olmaliq shahridagi “Oydin” dehqon bozori va buyum bozorining bugungi holati, xizmat ko‘rsatish darajasi talabga javob bermay qolgan. Shu bois, ushbu bozorlarni kapital rekonstruksiya qilish, qo‘shimcha bino va savdo nuqtalari barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi. Mazkur loyihada dehqon bozoridagi turg‘un savdo nuqtalarini tartibga keltirib, buyum bozori uchun 450 o‘rinli pavilyonlar, zamonaviy avtoturargoh barpo etish rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz ushbu bozorlarda sotuvchi va xaridorlarga yaratiladigan shart-sharoitlar bilan qiziqdi. Inshootlarni zamonaviy qurilish materiallaridan foydalangan holda, qisqa muddatda sifatli barpo etish, qo‘shimcha qulayliklar yaratish yuzasidan tegishli tavsiyalar berdi. 

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, joylarda zamonaviy shifoxonalar barpo etish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Olmaliq shahar bolalar shifoxonasi rekonstruksiyasi shu ishlarning uzviy davomi bo‘lib, bolalar salomatligini muhofaza qilish, ularga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda keng imkoniyat yaratadi. 

Ushbu muassasa binosida ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, tez tibbiy yordam, yuqumli kasalliklar, qon quyish bo‘limlari, boshqa bo‘linmalar joylashadi. Davolash-profilaktika muassasalari markazlashishi natijasida bo‘shagan binolarda yangi oilaviy poliklinikalar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, aholiga birlamchi tibbiy yordamni yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shifoxona binosini shu yil oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbari shifoxonani zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, buning uchun zarur mablag‘lar ajratish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi. 

Prezidentimizga zamonaviy tipdagi shahar FHDYo bo‘limining yangi binosi qurilishi loyihasi namoyish etildi. Bobur nomidagi mahalla hududida barpo etiladigan ushbu binoda FHDYo bo‘limi, notarial idora va “yagona darcha” markazi faoliyat ko‘rsatadi. Bu tipdagi FHDYo binosi ilk bor loyihalashtirilgan bo‘lib, adliya idoralarining bir joyda joylashuvi aholiga sifatli yuridik xizmatlar ko‘rsatish imkonini beradi. 

Hayotda inson turli masalalar bilan har xil idoralarga murojaat qilishiga to‘g‘ri keladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Nikohdan o‘tayotgan yoshlar, huquqiy masalalar bo‘yicha kelgan aholi va tadbirkorlarga bir joyda yordam berish xizmat ko‘rsatish sifatini zamonaviy talablar darajasida tashkil qilish imkonini yaratadi. Yangi loyihaga ko‘ra, bunday xizmatlar ko‘rsatadigan idoralar bir maskanda joylashadi. Nikohni qayd etish bilan birga, to‘y marosimlarini ham shu maskanlarda o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilmoqda. Shunday qilsak, ham FHDYo bo‘limi ishlaydi, ham tartib-intizom bo‘ladi, to‘ylarimizni madaniyatli, ma’rifatli qilib o‘tkazishga erishamiz. Buning uchun ushbu loyihani yanada takomillashtirish, qurilish ishlarida har bir hududning iqlimi, o‘ziga xos sharoitini hisobga olish zarur. 

Shu yerda Olmaliq shahar oqova suvlarni tozalash inshootini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdimoti ham o‘tkazildi. 

Shavkat Mirziyoyev Olmaliq shahri markazidagi 5/2 massivida qurilayotgan 7 qavatli, 2 va 3 xonali turar-joy binolarini borib ko‘rdi. O‘n besh yilga imtiyozli ipoteka krediti asosida beriladigan mazkur uy-joylarda ayni paytda qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. 

Davlatimiz rahbari mazkur uylarda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Mutasaddilarga qurilish ishlarini sifatli bajarish, inshootlarni o‘z vaqtida qurib bitkazish va topshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi. 

Prezidentimiz Olmaliq shahri aholisi bilan muloqot qildi. Samimiy va ochiq o‘tgan suhbatda shahar faollari va yoshlar davlatimiz rahbariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, turli dolzarb masala va muammolar tezkorlik bilan hal etilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. 

Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining misni eritish fabrikasi va maxsus sexida bo‘lib, ish jarayonini ko‘zdan kechirdi. 

Shundan so‘ng kombinatning majlislar zalida shahar yoshlari va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Olmaliq shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama qilindi. 

Manba: uza.uz