Aslida Olam turfa ranglardan iborat. Kimgadir oq,sariq, va boshqa insonlar yashil va qizil ranglarni yoqtiradi. E’tibor berilsa ona tabiat bag‘rida ranglar ko‘p.
Fasillar almashinuvi, ayniqsa oltin rangda tovlanib turgan tabiat go‘zalliklari hech birimizni befarq qoldirmasa kerak. Ishdan,turmush tashvishlaridan bir oz bo‘lsada chekinib,tabiatning bag‘rida bo‘lish, uning ovoziga quloq tutgan inson,vaqt deb atalgan uchqur otning nechog‘lik shiddat bilan chopayotganiga amin bo‘ladi.
Inson zotiga vazminlik, saxiylik,oqibat va ulug‘vorlikdan saboq berayotgan kuz fasli ham o‘z nihoyasiga yetib qoldi.Ha demay, qishning qurovli kunlari boshlanadi. Biroz fursat o‘tmay turib,iliq va yasharish fasli bo‘lgan bahorni sog‘inib qolamiz.
Shu tariqa oqar suv misoli hayotimiz o‘taveradi. Eng muhimi, qimmatli va takrorlanmas umr daftarimizni qanday xotiralar bilan to‘ldirishimizga bog‘liq.
Ba’zan o‘zimiz bilan o‘zimiz xoli qolganda, o‘tgan damlarimizni, qilgan u yoki bu ishlarimizni sarhisob qilamiz.Ayni shu damlarda o‘zimizni o‘zimiz hecham alday olmaymiz. Nima qilgan bo‘lsak, barchasi ko‘z oldida kino lentasi kabi o‘tib turadi.
Ba’zan oramizda yurgan ayrim zamondoshlarimizga e’tibor beraman. Ularning faoliyatlarini bir-bir nazardan o‘tkazaman. Gohida nimalar bilan shug‘ullanib yurganliklarini o‘zlari ham bilmaydilar.Maqsadlari, ertangi kun haqidagi tasavvurlari mutloqo mavhum. Befarq va loqayd, o‘z millatiga mehri bo‘lmagan, takabbur insonlar jamiyat taraqqiyotini umuman o‘ylamaydilar. Kunlari o‘tsa bas. Shu bilan kifoyalanib yuraveradilar.
Quvonarli jihati shundaki, ayrim kasbdoshlarimiz bilan suhbatlashib xursand bo‘laman.Qayergadir shoshadilar, kimlargadir yordam beradilar, agentlik tizimi uchun yelib-yuguradilar. Eng asosiysi tashabbuskor do‘stlarimiz boshqalarga o‘rnak bo‘lib, ezgu maqsadlar atrofida birlashishga intiladilar.
Ayni shu kunlarda “O‘zstandart”agentligi faoliyatida qizg‘in yangiliklar, o‘zgarishlarga eshik ochilmoqda.Bunday jarayonda har birimiz fidoiy, tashabbuskor va tizim faoliyatini rivojlantirish yo‘lida kamarbasta bo‘lishimiz talab etilmoqda.
“O‘zstandart” agentligi Bosh direktori Abduhamid O‘tkurovich Karimov har doim barchadan faol bo‘lishni, fidoiy va yangilikka intiluvchan bo‘lishni talab qilmoqda.
Bu bejizga emas. Mamlakatimizda miqyosida, xususan agentlik tizimida misli ko‘rilmagan islohotlar jarayoni ketayotgan bir pallada,befarqlik, boqimandalik va tomoshabin bo‘lib turish vijdonli insonga xos ish emas.
Fursatdan foydalanib, aziz hamkasblarimizni yana bir bor jonkuyarlik bilan mehnat qilib, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha berilayotgan barcha topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishlariga chaqiramiz.
Vatan, Xalq, Millat va Oilalarimiz, Farzandlarimiz oldida hamisha yuzlarimiz yorug‘ bo‘lsin.